Superliga 2-turi doirasida yakshanba kuni Jizzaxda o‘tgan «So‘g‘diyona» - «Turon» (1:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida o‘zbek futbolidagi hakamlarning qing‘irliklari haqida asabiy ruhda gapirgan Yaypan klubi bosh murabbiyi Islombek Ismoilov va klub prezidenti Abduvahob Ahmadaliyev dushanba kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga chaqirildi.
Tashkilotning Tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan bosh murabbiyning o‘yindan keyingi matbuot anjumanida uchrashuv hakamlari sha'ni va o‘zbek futbolidagi qing‘irliklar haqidagi gaplari yuzasidan tushuntirish so‘ralgan. Shuningdek, «Turon» prezidenti ham o‘yindan keyin bildirgan fikri yuzasidan tushuntirish bergan. O‘FAda ushbu voqealar bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishdan keyin Kun.uz va Tribuna.uz sayti muxbirlari «Turon» klubi prezidenti hamda bosh murabbiyi bilan suhbatlashdi.
Abduvahob Ahmadaliyev: «Hakam o‘z aybini tan oldi. Ikki vaziyatda ham «So‘g‘diyona» foydasiga qaror chiqarganini o‘z qo‘li bilan yozib beribdi»
O‘FAdagi yig‘ilishdan keyin dastlab «Turon» klubi prezidenti Abduvahob Ahmadaliyev o‘z fikrlarini bildirdi.

«Tartib-intizom qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda hakamning ishi va bosh murabbiyimiz Islombek Ismoilovning matbuot anjumanidagi gaplari ko‘rib chiqildi. Hakam o‘z aybini tan oldi. Bu borada Serazitdinov yozma xat beribdi. Haqiqatan ham, ikkita vaziyatda «So‘g‘diyona» foydasiga qaror chiqarganini o‘z qo‘li bilan yozib beribdi. Ya'ni bizga berilmagan penalti va bizni darvozamiz tomon belgilangan penalti bo‘yicha aybini tan olgan.
Bosh murabbiyimiz bo‘yicha esa, u aytgan gaplar to‘g‘ri, ammo haqoratomuz so‘zlari noto‘g‘ri chiqqan. Shu tomondan ular ko‘rib chiqishmoqda. Bularga hammasini tushuntirdik, murabbiy qanday ahvolda gapirganini. O‘ylamanki, qo‘mita barchasini inobatga olib, adolatli qaror chiqaradi.
Mening gaplarimga kelsak, u yerda faqat o‘yindagi vaziyatlar haqida gapirgandim. Har holda halol futbol uchun qator ishlar qilingani, hakamlar bilan ishlar olib borilgani, deklaratsiya qo‘l qo‘yilganidan keyin ham shunday ishlar bo‘layotgani achinarli. Bitta ishni bo‘ldi qilmagin, kerak emas degandan keyin to‘xtatish kerak. Bilishimcha, hakamlarga barcha pullari vaqtida beriladi. Yoki hakamlar aytishlari kerak, bizga pul yetmayapti, pulimiz kam, deb taklifini aytishi lozim», - deydi Abduvahob Ahmadaliyev.















