Turkiya tashqi ishlar vazirligi Gretsiya va Isroil elchixonalari hamda Yevroittifoq delegatsiyasiga norozilik notasi yo‘lladi. Bu haqda duvaR.english xabar bermoqda.

Hujjatda aytilishicha, bu mamlakatlar tomonidan EuroAsia Interconnector loyihasi doirasida yaratilayotgan elektr tarmog‘i Turkiya territorial suvlari orqali o‘tadi.

Turkiya tomonining bildirishicha, bu mamlakatlarning har qanday harakatlari Anqaraning roziligi bilangina amalga oshirilishi kerak va shu sababli tegishli diplomatik tuzilmalarga norozilik notasi jo‘natilgan.

Qayd etilishicha, kabel yotqizishdan oldin dastlabki tadqiqot o‘tkazilishi, buning uchun esa ruxsat olinishi, ruxsat olishga zarurat bo‘lmasa, Anqara tegishli tartibda xabardor qilinishi lozim.

Mahalliy matbuotning xabariga ko‘ra, bu Anqaraning 8 mart kuni Kipr, Gretsiya va Isroil o‘rtasida tuzilgan kelishuviga nisbatan javobi hisoblanadi.