Davron Hidoyatov Toshkent viloyati hokimi etib tasdiqlandi
Toshkent viloyati markazi Nurafshon shahrida xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Sessiyada O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.
Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, davlat rahbari so‘zining avvalida yig‘ilganlarni og‘ir va uzoq qishdan keyin yaqinlashib kelayotgan Navro‘z bayrami bilan tabrikladi. 2020 yil sinovli yil bo‘lganini, koronavirus muammosi hali jiddiyligini, to‘ylar va konsertlarning haddan ortiq kattalashib ketgani birinchi navbatda o‘zimizga zarar ekanini yana bir bor eslatdi.
Prezident tashrif masalasiga e'tibor qaratarkan, Toshkent viloyatiga munosib hokim tanlash doim og‘riqli masala bo‘lib kelganini ta'kidladi.
“Afsuski, Toshkent viloyatida hokimlar maktabini yarata olmadik. Davron Hidoyatovni men har xil ishda sinab ko‘rdim. Vazir bo‘ldi, Chilonzor tumaniga hokim, Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari bo‘ldi. U mening nomzodim, agar sizlarda boshqa nomzod bo‘lsa bemalol aytinglar, ochiqcha muhokama qilishga tayyorman”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident sessiyada nomzod bo‘yicha nafaqat deputatlar va faollar, balki yoshlar fikrini ham o‘rgandi. Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Davlat rahbari Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Davron Hidoyatov nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etdi.
Xalq deputatlari, viloyat faollari so‘zga chiqib, nomzod haqida fikrlarini bildirdi. 60 nafar deputatdan 55 nafari ishtirokida ovozga qo‘yish natijalariga ko‘ra, shu kungacha Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi bo‘lib kelgan Davron Hidoyatov Toshkent viloyati hokimi etib tasdiqlandi.
D. Hidoyatov 1976 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1996-2009 yillarda bank tizimida, 2014 yilgacha avtosanoat tarmog‘ida faoliyat yuritgan. 2014-2020 yillarda Xususiylashtirish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi, Chilonzor tumani hokimi, Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
Mavzuga oid
21:23 / 21.11.2024
Toshkent viloyatida hojatxona uchun qazilgan chuqurga tushib ketgan fuqaro qutqarildi
14:12 / 15.11.2024
Dilshod Sultonov shahar hokimligidan ham ketdi
08:14 / 14.11.2024
Toshkent viloyatida “zakladchiklar” qo‘lga olindi
13:38 / 08.11.2024