Qashqadaryo viloyati markazi Qarshi shahridagi «Vatanparvar» bog‘ining ishchi-xodimlari ikki oydan buyon maoshlarini ololmay kelayotganini aytib, murojaat qilishdi.

Kun.uz ijodiy jamoasi holatni o‘rganish maqsadida Qarshi shahrida bo‘ldi.

Qarshidagi bu bog‘ o‘ziga xos me'moriy ko‘rinishi, joylashuvi, hududdagi harbiy texnikalar, muzeydagi osori-atiqalar va umuman vatanparvarlik elementlarining ko‘pligi bilan ham ajralib turadi. Bog‘dagi 20 dan ortiq ishchilarning asosiy qismini farroshlar va bog‘ qarovchilar tashkil etadi.

Masalan, Gavhar Xudoyberdiyeva o‘zining farrosh bo‘lib ishlashini ma'lum qilib, ro‘zg‘orning kam-u ko‘sti asosan uning maoshi hisobiga ekanini aytib o‘tdi. Oyligi 850 ming so‘m atrofida, turmush o‘rtog‘i nogiron bo‘lgani sabab, hech qayerda ishlamaydi.

Mehri Ashurova ham yolg‘iz ona, farzandlari ulg‘ayib qolganini aytadi.

Ma'lum bo‘lishicha, o‘tgan yili ham xuddi shunday holat kuzatilgan. Ya'ni ishchilar 2020 yilning yanvar-mart oylarida ishlagan haqini aprel oyida olishgan. Ma'lum muddat xodimlar ishsiz ham qolganini aytmoqda.

Bog‘da landshaft-dizayner vazifasida ishlab kelayotgan Obid Qobilov oyliklarning kechikayotgani sababini so‘rab, rahbariyatga murojaat qilinganini bildirdi. Uning aytishicha, nafaqat ishchi-xodimlar, balki bog‘ rahbarlari ham oylik olishmayotgan ekan.

Xodimlar muammo nimadaligini tushunishmayotganini bildirishdi.