23 mart kuni Moliya vazirligi tomonidan O‘zbekistonda dasturiy budjetlashtirish tizimini joriy etish masalasida halqaro seminar o‘tkazildi, deya xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.

Aytilishicha, yangi tizim orqali davlat budjeti ijrosini rejalashtirish, bajarish va nazorat qilish mumkin bo‘ladi va u 2022 yildan ishga tushadi.

Tadbirda Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov dasturiy budjetlashtirishning nima uchun zarurligiga izoh berdi.

«Ko‘p bloger va jurnalistlar davlat budjeti mablag‘lari samarali ishlatilyaptimi, bu bo‘yicha nima ishlar qilinyapti, degan masalani ko‘tarishmoqda. Mana shu kabi savollarga dasturiy budjetlashtirish tizimiga o‘tish javob beradi.

Hozirgacha Moliya vazirligi, umuman hukumat Oliy Majlis palatalarida budjetni himoya qilayotganda falon dasturga buncha mablag‘ ajratildi, deb hisobot berib kelgan. Lekin dasturga ajratilgan mablag‘lar bilan qanday natijalarga erishildi, degan savolga javob yo‘q. Chunki buning monitoring tizimi yo‘lga qo‘yilmagan. Shuning uchun dasturiy budjetlashtirishga o‘tish judayam muhim», – dedi vazir o‘rinbosari.

Ahadbek Haydarov

Ma'lum qilinishicha, ayni paytda yangi tizim Xalq ta'limi, Sog‘liqni saqlash, Suv xo‘jaligi vazirliklari va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasida sinovdan o‘tkazilmoqda.  

Shuningdek, seminar doirasida «Fuqarolar uchun budjet» nashri taqdimoti  ham bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Moliya vazirligi davlat budjeti departamenti direktori Sherzod Muhamedov ma'lumot berdi.  

Sherzod Muhamedov

«Ushbu axborot nashri fuqarolarga budjet ma'lumotlarini infografikalar va taqqoslanma ma'lumotlar orqali mamlakatimizning bir necha yillardagi iqtisodiy holatini taqqoslagan, turli moliyaviy termin va atamalardan chetlashgan holda tushuntirib berish maqsadida tayyorlandi. Bu galgi nashr 2021 yil uchun tasdiqlangan budjet ma'lumotlari asosida ishlab chiqildi. Nashr Moliya vazirligining rasmiy veb-sahifalarida e'lon qilingan. Barcha qiziquvchilar u bilan tanishishlari mumkin.