Gavhar Nasrulloh o‘z blogpostida bir necha ayollar davrasida o‘zi guvohi bo‘lgan suhbat haqida to‘xtalgan.
«Yaqinda bir davrada bo‘ldim. Ayollar davrasida. Odatda bunday davralarda suhbat mavzusi to‘y, sep, tog‘ora, qozon-tovoq kabilardan ortmagani uchun menga uncha qiziq bo‘lmaydi. Bu kabi davradan turib ketish imkoni bo‘lmasa, o‘sha yerdagi vaqtimni, shunchaki, ayollar psixikasini o‘rganishga sarf etib, kuzatib o‘tiraman.
Biroq bu galgi suhbat boshqacha bo‘ldi. Gap aylanib, mahr mavzusiga taqaldi.
Ta'kidlab o‘tay, davrada mendan tashqari o‘n to‘rt nafar ayol bo‘lib, barchasi o‘zini muslima ataydigan, ular ulg‘aygan oila ham, kelin bo‘lib tushgan xonadon ahli ham, ularning turmush o‘rtog‘i ham – hammasi o‘zini musulmonlardan deb biladi.
Qizig‘i, musulmon oilalarning kelinlari, musulmon kishilarning rafiqasi, o‘zi muslima bo‘lgan bu o‘n to‘rt ayoldan faqatgina bittasi mahriga nima olishini o‘zi belgilagan va o‘sha istaganini qo‘liga o‘zi bemalol tasarruf qilishi mumkin bo‘lgan mulk o‘laroq topshirishgan.
To‘g‘ri, so‘ragani notarius orqali tasdiqlatib, nomiga o‘tkazib beriladigan kattaroq narsa emas, shunchaki qimmatbaho taqinchoq bo‘lsa ham, o‘sha taqinchoqni uning qo‘liga tutqazayotib: «Bu sizning mahr haqingiz, uni nima qilish sizning ixtiyoringizda. Xohlasangiz, sotib, pulini ishlating, istasangiz, taqib yuring, xohlang, birovga hadya qiling, istang, sadaqa qilib, biror muhtojga berib yuboring», deb aytishgan va mana o‘n sakkiz yildirki, o‘sha o‘zlari aytgan so‘zlarning isboti o‘laroq, hech kim taqinchoq taqdiri bilan qiziqmagan.
Ayollardan yana birining aytishicha, kuyov tomon nikoh uzugini mahr atab, bir o‘q bilan ikki quyonni urgan.
Yana biri kelin bo‘lib tushayotganda bir uy-bir dahliz xonani mahriga berdik deyishgan, biroq mana, o‘n besh yil bo‘libdiki, o‘sha o‘zining mahriga berilgan xonaning birida ikki bolasi bilan erdan ajragan qaynisinglisi yashar, ikki xona bir-biriga uyqash bo‘lgani uchun, ikkinchisida ham o‘zi loaqal biror soat erkin nafas ololmasmish.
Bir nechta ayol o‘sha payt yosh bo‘lgani, hayajonda bo‘lganini ayta turib, attang qiladi. Mahrga nima atashganini ham eslay olmas emish. «O‘sha payt nimadir aytilgandir, biroq to‘ydan keyin hech kim menga, mana shu narsa sening mahr haqing edi, demaganam», deyishdi.
Yana bir ayolning hikoyasi antiqa bo‘ldi. O‘sha davradagi ayollar orasida aynan shu ayolning oilasi (tushgan oilasi) el orasida dindorligi bilan hurmat qozongan oilalardan. Bu ayol ham turmushga chiqayotgan payti mahr haqida bilimlari to‘liq bo‘lmagan, lekin mahrga aloqador ayrim gaplar qulog‘iga chalingan bo‘lgan. U bilan ham hech kim nikohgacha mahr haqida gaplashmagan. Faqat nikoh o‘qilayotgan mahal, domlaning «Mahrga nima ataldi» so‘rog‘iga javoban, kuyov bilan birgalikda kelgan amma: «Palon joydagi 12 sotixli hovli, u yerga qurilgan uch xonali uy» – deb javob bergan. Kelin yopinchiqda, bosh egib, hayajonda o‘tirgan bo‘lishiga qaramay, bu gapni yaxshi eslab qolgan.















