Koronavirusga qarshi vaksinalar AQSh, Buyuk Britaniya, Yevropa, Xitoy, Rossiya hamda Hindistonda ishlab chiqildi va asosan ushbu mamlakatlarda qo‘llana boshladi. Ushbu davlatlar nafaqat vaksina ishlab chiqdi, balki ishlab chiqarilganlarining katta qismini sotib ham oldi. Bu esa past va o‘rta daromadli mamlakatlarga yetkaziladigan vaksinalar miqdorining pasayishiga sabab bo‘lmoqda.

Ba'zi rivojlanayotgan davlatlar o‘z vaksinalarini ishlab chiqarishi mumkin. Bu esa kambag‘al mamlakatlarga vaksinalar yetkazib berilishining ortishiga sabab bo‘lishi aytilmoqda. Hindiston va Janubiy Afrika Jahon savdo tashkiloti (JST)ga vaksina ishlab chiqarishni cheklovchi patent qonunlarini yumshatish yuzasidan iltimos bilan murojaat qildi.

Ammo farmatsevtika kompaniyalari va boy mamlakatlarning hukumatlari patent qonunlarini yumshatish pandemiyaga qarshi kurashga va vaksina ishlab chiqish bilan bog‘liq kelgusidagi tadqiqotlarga zarar yetkazishi mumkinligini aytib, qarshilik bildirishmoqda.

Xo‘sh, boy davlatlar rivojlanayotgan mamlakatlarning vaksina ishlab chiqarishiga, aslida, nima uchun «to‘sqinlik» qilmoqda»?

Boy davlatlar oldidagi tanlov: rivojlanayotgan davlatlarga vaksinatsiyada yordam berish yoxud pandemiya cho‘zilishini kuzatish

Qaysi mamlakatlarda emlash dasturlari davom etmoqda?

JSST fevral oyida bergan bayonotida taxminan 200 million dozada Covid-19 vaksinasi qo‘llanganini, ammo uning 75 foizi daromad darajasi yuqori bo‘lgan 10 mamlakatga to‘g‘ri kelishini ma'lum qildi.

Shimoliy Karolina shtatidagi Dyuk universitetining global sog‘liqni saqlash va jamoat siyosati professori Gevin Yameyning so‘zlariga ko‘ra, 2,5 milliard aholi yashaydigan 130ga yaqin davlatga hatto bir doza ham vaksina yetib bormagan.

«Ishlab chiqarilgan vaksinalarning boy davlatlar tomonidan katta miqdorda sotib olinayotganini ko‘rish juda achinarli vaziyat. Chunki vaksina masalasiga asosan «avval o‘zim» va «faqat men» degan yondashuv aralashyapti. Bu o‘ta adolatsiz bo‘lish bilan bir qatorda, xalq sog‘lig‘iga nisbatan dahshatli munosabat hamdir», deydi Yamey BBC nashri bilan kechgan suhbatda.