Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida suvda dam olish va plyaj turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Jizzax va Navoiy viloyatlari hokimligining 2021—2025 yillarda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hamda To‘dako‘l ko‘lida rekreatsion ko‘llar hududini tashkil etish taklifiga rozilik beriladi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Jizzax va Navoiy viloyatlari hokimliklari:
- rekreatsion ko‘llar hududi chegaralarini belgilaydi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;
- 2021 yil 1 oktyabrga qadar loyiha institutlarini jalb etgan holda rekreatsion ko‘llar hududini batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
- Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda batafsil rejalashtirish loyihasi ishlab chiqilgandan so‘ng rekreatsion ko‘llar hududi va ular atrofida yo‘l-transport hamda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish manzilli dasturini ishlab chiqadi va 2022—2024 yillarda investitsiya dasturiga bosqichma-bosqich kiritilishini ta'minlaydi.
Belgilanishicha:
- rekreatsion ko‘llar hududiga kiruvchi turistik infratuzilmani yaratish imkoniyati bo‘lgan yer uchastkalarini tadbirkorlarga berish, ularda qurilish va barpo etish loyihalarini amalga oshirish Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan majburiy tartibda kelishiladi;
- rekreatsion ko‘llar hududi va ular atrofida yo‘l-transport hamda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish manzilli dasturiga kiritiladigan tadbirlar tegishligicha respublika budjeti mablag‘lari, prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni 9-bandiga muvofiq ajratilgan mablag‘lar hamda Navoiy va Jizzax viloyatlari mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan qoplanadi;
- rekreatsion ko‘llar hududiga kirish nuqtasida tegishligicha Navoiy va Jizzax viloyatlari mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan axborot markazi va zamonaviy avtoturargoh tashkil etiladi;
- axborot markazi va avtoturargoh faoliyatidan kelib tushadigan mablag‘lar 100 foizi direksiya maxsus hisobvarag‘iga yo‘naltiriladi va birinchi navbatda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish uchun ajratilgan maxsus mablag‘lar qoplab beriladi.















