“2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e'lon qilindi.

2021/2022 o‘quv yilida oliy ta'lim muassasalariga davlat buyurtmasi qabul parametrlarini shakllantirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

  • birinchidan, davlat buyurtmasi parametrlari doirasida yoshlarni oliy ta'limga qamrab olishni kengaytirish, davlat granti asosidagi davlat buyurtmasi parametrlarini 2020/2021 o‘quv yiliga nisbatan 25 foizga oshirilgan holda belgilash;
  • ikkinchidan, jamiyatda ayollar rolini oshirish, ehtiyojmand oilalar qizlari uchun “ijtimoiy lift” tamoyili asosida xotin-qizlarni oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasini kengaytirish maqsadida alohida grant o‘rinlarini ikki barobarga oshirish;
  • uchinchidan, oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirish bo‘yicha kadrlar buyurtmachilari ehtiyojlarini “quota.idm.uz” elektron portali orqali aniqlash;
  • to‘rtinchidan, vazirlik va idoralar, iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyoj yuqori bo‘lgan yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlashda davlat grantini nodavlat oliy ta'lim tashkilotlariga ham berish;
  • beshinchidan, oliy ma'lumotli kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar uchun davlat buyurtmasi parametrlarining davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida maqsadli qabul parametrlarini tuman (shahar)lar kesimida taqsimlash.

Davlat oliy ta'lim muassasalariga davlat buyurtmasi parametrlari:

a) bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha:

kunduzgi ta'lim shakliga – 115 343ta;

sirtqi ta'lim shakliga – 36 211ta;

kechki ta'lim shakliga – 6 325ta;

b) magistrlar tayyorlash bo‘yicha – 12 914ta;

v) nodavlat oliy ta'lim tashkilotlariga davlat buyurtmasi parametrlari 56ta etib tasdiqlanishi mumkin.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tavsiyanomasiga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun bakalavriat kunduzgi ta'lim shakli bo‘yicha 2 000ta qo‘shimcha davlat granti ajratiladi.