O‘zbekiston | 08:29 / 30.03.2021
7202
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi test sinovidan o‘tkaziladi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi darajasini oshirish va baholash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Norma’ning yozishicha, baholashning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:

  • davlat tashkilotlari xodimlarining amaldagi qonunchilik hujjatlari, shuningdek qonunchilikdagi so‘nggi o‘zgarishlardan xabardorligi darajasini aniqlash va bu boradagi bilimlarini muntazam oshirib borish;
  • davlat tashkilotlari xodimlari tomonidan o‘z faoliyatida fuqarolar huquq va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishini ta'minlash;
  • davlat tashkilotlari xodimlari tomonidan noqonuniy qarorlar qabul qilinishi, shuningdek huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish;
  • davlat tashkilotlari xodimlari huquqiy savodxonlik darajasini baholash orqali uning natijalarini doimiy ravishda monitoring qilib borish.

Nizomga muvofiq, davlat tashkilotlari xodimlari huquqiy savodxonlik darajasi belgilangan minimal talablar asosida baholanadi.

Davlat tashkilotlari xodimlari Davlat xizmati yagona elektron axborot-tahlil tizimidagi «Davlat xizmatchilarini sinovdan o‘tkazish moduli» maxsus test tizimidan foydalangan holda mustaqil ravishda o‘qitiladi va test sinovlaridan o‘tkaziladi.

Adliya vazirligiga 2021 yil 1 mayga qadar o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish uchun zarur o‘quv dasturi, materiallar va test sinovlari bazasini shakllantirish hamda elektron platformaga joylashtirish uchun prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga taqdim etish topshirildi.

Davlat tashkilotlari xodimlarini baholash har 3 yilda bir marta Adliya vazirligi tomonidan tegishli davlat tashkiloti bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan reja-grafik asosida tashkil etiladi. Davlat tashkilotlari rahbarlari o‘z xodimlari huquqiy savodxonligini ta'minlash uchun shaxsan mas'ul va javobgar hisoblanadi.

Davlat tashkilotlariga birinchi marta ishga qabul qilinayotgan, ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslar ishga qabul qilingan kundan boshlab 12 oy o‘tgach tegishli tartibda baholashdan o‘tkaziladi.

Har bir xodim tomonidan 40ta test savoli bajariladi. Bunda baholashdan muvaffaqiyatli o‘tgan davlat tashkilotlari xodimlari shaxsiy kabinetiga elektron tarzda QR-kod orqali tasdiqlangan baholash natijalari chiqishi bilan darhol yuboriladi.

Ustav kapitalida davlat ulushi miqdori 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga shartnoma asosida o‘z xodimlari huquqiy savodxonligi darajasini oshirish bo‘yicha o‘qitish va baholash tavsiya etiladi.

Adliya vazirligi baholash natijalarini doimiy ravishda monitoring va tahlil qiladi. Yuqori natija qayd etgan davlat tashkilotlari ijobiy tajribalari boshqa davlat tashkilotlari faoliyatiga joriy etiladi.

Adliya vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga va prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga baholash natijalari bo‘yicha tahliliy ma'lumot kiritiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid