Kun.uz xalq ta'limi sohasining dolzarb masalalari yuzasidan o‘zbekistonlik va xorijlik mutaxassislarni jalb etgan holda suhbat tashkil etdi.

Unda pedagog kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish mavzusida ham so‘z bordi.

Ayubxon Radjiyev, Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta'limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti rektori:

— O‘qituvchi bilan birga, ta'lim jarayonida maktab direktori, metodist degan kadrlar ham ishlaydi. Shuncha toat-ibodatni bir sekundda yo‘q qilib yuboradigan boshqaruv kadrlari bor. Buni ochiq aytish kerak. Agar ular o‘qituvchi uchun kerakli sharoitni yaratib bermasa, maktab jamoasi, ota-onalar bilan ishlashni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olmasa kiritgan sarmoyalarimiz bir pul bo‘ladi. Buning uchun avvalo ularni tayyorlashni yo‘lga qo‘yishimiz kerak.

WrCwk1CjBas0f6LZKpvyHURGjdvOD5rh.jpg (1280×720)
Ayubxon Radjiyev

O‘qituvchilarga keladigan bo‘lsak, hozir yaqinda imzolangan prezident farmoniga muvofiq, malaka oshirish tizimini xususiy sektorga berish ko‘zda tutildi.

Mardon Yusupov, matematika o‘qituvchisi (Angliya):

— Angliyada o‘qituvchi bo‘laman degan inson uchun 10ga yaqin yo‘llar orqali o‘qituvchi bo‘lib ishlash imkoniyati yaratilgan. Universitetlar qoshida pedagogika fakultetlari bor. Va eng qizig‘i, jami o‘qituvchilarning 15 foizigina shu fakultetlarni tugatgan.

Bu yerda bir yillik pedagoglar tayyorlov kurslari bor. Shu kursni bitirganlarga sertifikat beriladi. Istalgan bakalavr yo‘nalishini tugatgan va undan so‘ng bir yillik tayyorlov kursida tahsil olib sertifikatga ega bo‘lgan shaxs maktabda dars berishi mumkin.

Ayubxon Radjiyev:

— 2021 yilning 25 yanvarida qabul qilingan qarorga ko‘ra, O‘zbekistonda ham bu jarayon yo‘lga qo‘yiladi. Xalq ta'limi tizimida sifatni oshirish maqsadida xorijiy ekspertlar ishtirokida yangi loyiha yo‘lga qo‘yilyapti. Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti va uning hududlardagi 14 ta filiallarida bir yillik maxsus kurslar tashkil qilinyapti.