Boshqa yaqinroq misol beraman. Yaqinda Angliyaning «Manchester Yunayted» klubi hujumchisi, urugvaylik Edinson Kavani ijtimoiy tarmoqda bir odamga «negrito» deb murojaat qilgani katta muhokamalarni keltirib chiqardi. O‘sha odam Kavanining do‘sti bo‘lgan, u odam qora tanli ham bo‘lmagan, umuman, Urugvayda bu so‘z haqorat emas, erkalash ma'nosida ishlatilishi ham ma'lum – ammo futbolchi uchta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi, jarima to‘ladi.

«Siz Angliyada yashayapsiz, bu yerda biz toqat qila olmaydigan ma'lum chiziq va chegaralar bor va uni e'tiborga olishga majbursiz», deb tushuntirildi. Jamiyatda qandaydir o‘z so‘ziga ega bo‘lgan siyosiy yetakchi, jurnalist yoki jamoat faoli emas, ishi to‘p tepish bo‘lgan bir futbolchining do‘stiga hazili haqida ketyapti gap, tasavvur qilyapsizmi?

Albatta, Kavanini ko‘chada qora tanlilar tutib olib kaltaklamadi, uning so‘zlari hech kimning hamiyatiga ham tegmagan, menimcha. Bu ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida turadigan shaxslarning mas'uliyati, ularning so‘zlash chegarasi boshqalarning tushunish chegarasidan ham torroq, nozikroq bo‘lishi kerakligi haqida edi bu misol. Bugun bu so‘zlarga e'tibor berilmasa, ertaga uni qo‘llash ham oddiy holatga aylanadi, noto‘g‘ri kontekstlar, «to‘g‘ri tushunmaganlar» va orqasidan kaltaklanganlar ham paydo bo‘ladi. Yevropada bu masalalarning juda jiddiy qabul qilinishi, chegaralarning haddan tashqari tor olinishi ham shundan.

Endi LGBT, xususan, «geylar» haqida. Bu tushuncha haqida xalqimizda shakllangan munosabat o‘sha yuqorida aytilgan qizil chiziqlar toifasiga kiradi. Yurtimizning aksariyat qismi amal qilish yoki qilmasligidan qat'i nazar, e'tiqod qiladigan Islom dinining ham bu boradagi qarashlari hammaga ma'lum. 

Bu yerda bir nozik nuqta borki, alohida ta'kidlash kerak. «Geylar»ga tolerantlikni targ‘ib qilayotganlar uchun bu mavzuga Islomning munosabatini qoralar ekanlar, aytaylik, «geylik kasallik ekani, qanday qilib, Xudo insonni shunday yaratib, yana uni jazolashi»ni mantiqsizlikka yo‘ymoqdalar. Men diniy olim emasman, lekin xuddi o‘sha mantiq bilan, keling, aslida biroz boshqacha ekanini tushuntirishga harakat qilaman.

Islom zinoni qoralaydi va gunoh deb biladi. Ya'ni nafaqat erkak va erkak, balki erkak va ayol aloqasi, agar nikoh bo‘lmasa, katta gunoh ish sanaladi. Erkak va erkakni esa, nikohlash mumkin emas. Demak, ikki erkak orasidagi har qanday jinsiy aloqa gunoh hisoblanadi. Bundan kelib chiqadiki, «geylik»ka qarshilik ma'lum bir toifani kamsitish yoki ularni ta'qib qilish emas, aniq bir aktni (amalni) qilganlarga qarshi kurashdir.

Endi, «shunday tug‘ilgan bo‘lsa nima qilsin?» degan savolga javob shundan iboratki, agar buni kasallik deb hisoblagan taqdirimizda, bu o‘sha insonning sinovidir. Islomda hech kim geylarni shunday tug‘ilgani uchun yoki shundayligi uchun jazolamaydi. Bir odam qandaydir kasallik yoki gormonal yetishmovchilik tufayli ayollarga mayli yo‘q bo‘lsa, bu uni gunohkor yoki jinoyatchiga aylantirib qo‘ymaydi. Undan davolanish yoki sabr qilish talab qilinadi, xolos. Faqatki, boshqa erkak bilan jinsiy aloqa qilmasin, bo‘ldi. Jinsiy aloqa zaruriy ehtiyoj emas, undan voz kechish o‘limga sabab bo‘lmaydi, shunchaki, ichishni tashlagan inson kabi, ma'lum bir istak, mayldan voz kechadi, xolos. Aytmoqchimanki, Islom odamlarni qandaydir holati uchun gunohkor yoki jazoga loyiq sanamaydi, balki, ba'zi amallar taqiqlanib, shu taqiqlangan ishni qilganlarga qarshi kurashiladi, xolos.