Rossiya qurilish inshootlarida ishchi kuchining yetishmasligi, pandemiya sababli mamlakatdan chiqib ketgan migrantlarning qaytishidan keyin ham saqlanib qoladi. Bu haqda Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Marat Xusnullin ma'lum qildi.

«Bizda qurilish-montaj ishlari hajmining o‘sishi mehnat resurslariga qaraganda ancha yuqoridir. Biz ildam o‘smoqdamiz, ish hajmlarini ko‘paytiryapmiz. Chegaralar ochilishi natijasida mehnat migrantlari qaytsa ham, bu sohada bizda ishchilar yetishmaydi», — dedi u.

Bu boradagi yana bir omil rossiyaliklarning qurilish sohasidagi ishlarda taklif qilinayotgan oylikka ishlashni istamasligidir.

Avvalroq u Rossiyadagi qurilish maydonlarida muhojirlarning yetishmasligi soha uchun muammo bo‘lsa-da, mehnat unumdorligini oshirishga imkon berganini aytib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, pandemiya davrida 1,5 million mehnat muhojiri mamlakatni tark etgan.

Avvalroq Rossiya 1 apreldan Tojikiston va O‘zbekiston bilan parvozlarni qayta tiklashni rejalashtirayotgani xabar qilingandi.