Nima voqea yuz berdi?

Urganch shahar, Islom Karimov ko‘chasidagi 16-uy binosi (sobiq «Matbuot uyi») Mudofaa vazirligiga qarashli «Nukus hududiy uy-joydan foydalanish qismi» tasarrufida hisoblanadi. Binoning 500 kv.m. hududga ega «faollar zali» 2020 yilda E-auksion elektron savdo maydonchasi orqali ijara savdosiga qo‘yilgan.    

2020 yil 9 aprel kuni o‘tkazilgan auksion savdosida ELCOMAX BIZNESS MChJ uni 43,5 mln so‘m ijara to‘lovini amalga oshirish sharti bilan yutib chiqqan. Biroq, MChJ rahbari Elyorbek Gaipov qariyb 1 yildan beri mulkdan foydalana olmayapti.

Muammo nimada?

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi bo‘sh turgan obektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazining Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi bergan ma'lumotga ko‘ra, tadbirkor duch kelgan muammoning asosiy sababi – oldingi ijarachi tomonidan bino bo‘shatib berilmaganidir.

 «Ijara shartnomasi bekor bo‘lishiga qaramay, bino hududining oldingi ijarachisi «Safarniyoz Xayrulla» xususiy korxonasi rahbari Nuriya Safarniyazova pandemiya sababli joriy qilingan karantinni ro‘kach qilib, «faollar zali»ni «Nukus hududiy uy-joydan foydalanish qismi»ga qaytarib topshirmagan. Shu bilan birga, Nuriya Safarniyazova bino hududida ta'mirlash ishlari o‘tkazganini ro‘kach qilib, obektni bo‘shatib bermaslik maqsadida turli instansiyalarga shikoyat qilib kelmoqda», deyiladi ma'lumotda.

 Hududiy boshqarma tomonidan «Nukus hududiy uy-joydan foydalanish qismi»ga auksion g‘olibi bo‘lmish ELCOMAX BIZNESS MChJ bilan ijara shartnomasi orqali mulkni foydalanishga berish lozimligi haqida 2 ta ogohlantirish xati yuborilgan.

 Boshqarma bergan ma'lumotga ko‘ra, «Nukus hududiy uy-joydan foydalanish qismi» bino hududidan noqonuniy foydalanib kelayotgan «Safarniyoz Xayrulla» xususiy korxonasini binodan chiqarish bo‘yicha Xorazm viloyati sudiga 2020 yil 19 iyun kuni da'vo arizasi kiritgan. Ammo sudning hal qiluv qarori hanuzgacha qabul qilinmagan.

«Faollar zali» yopiq, oldingi ijarachi topilmadi

Holatni o‘rganish jarayonida 500 kv.m. hududga ega «faollar zali» eshigi yopib qo‘yilganini ko‘rdik. Mulkning oldingi ijarachisi «Safarniyoz Xayrulla» xususiy korxonasi rahbari Nuriya Safarniyazova bilan bog‘lanishning esa iloji bo‘lmadi. U barcha qo‘ng‘iroqlarni javobsiz qoldirdi.