Jamiyat | 17:58 / 05.04.2021
4992
2 daqiqa o‘qiladi

“Matiz”ga yashirilgan 6,8 kilogramm giyohvandlik vositalari fosh etildi

Respublikamiz bojxonachilari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qaratilgan tezkor tadbirlar muntazam davom ettirilmoqda.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati vakillari bilan hamkorlikda poytaxtimizning Sergeli tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tezkor tadbirda avvaldan kuzatuvga olingan fuqaro R.T. boshqaruvidagi “Matiz” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Ko‘zdan kechirish davomida avtomobilda yo‘lovchi sifatida ketayotgan fuqaro A.D.ga tegishli bo‘lgan bir dona qog‘oz quti borligi aniqlandi.

Mazkur quti belgilangan tartibda ochib ko‘rilganida esa, uning ichidagi 5 dona skotchlangan o‘ramlarda narkotik moddalar yashirilganligi fosh bo‘ldi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra mazkur o‘ramlardagi narkotik moddalar 3 kg. 928 gr. og‘irlikdagi “opiy” hamda 2 kg. 873 gr. og‘irlikdagi “gashish” giyohvandlik vositalari ekanligi aniqlandi.

Shunday qilib, tezkor tadbir davomida qonunbuzar shaxsdan jami og‘irligi 6 kg. 800 gr.dan ziyod bo‘lgan narkotik moddalar olib qo‘yildi.

Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Raqamlarga murojaat qilsak, 2021 yilning o‘tgan davri mobaynida respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 124 ta qonunbuzarlik holatlarida og‘irligi 65 kg.dan ziyod giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.

Mavzuga oid