«Real» – «Liverpul»

Tarix
«Real» va «Liverpul» Yevropa Chempionlar Ligasining eng muvaffaqiyatli uch klubidan ikkitasidir. Madridliklar ushbu sovrinni 13 marta qo‘lga kiritgan bo‘lishsa, «Liverpul» bu reytingda «Milan»dan keyin uchinchi o‘rinda bormoqda – 6ta sovrin.

Bu raqiblar ushbu turnirda jami bo‘lib olti marta to‘qnash kelishgan. Dastlab, 1982 yil YeChL finalida «Liverpul» «Real»ni mag‘lub etib (1:0), kubokka ega chiqadi. 2009 yilda esa 1/8 finalda «Liverpul» har ikki o‘yinda «Real»ni mag‘lub (1:0, 4:0) etib, keyingi bosqichga chiqqandi. Keyin jamoalar YeChLning 2014/15 yilgi mavsumida bir guruhda ishtirok etishgan. «Real» Liverpuldagi o‘yinda 3:0 hisobida, Madridda esa 1:0 hisobida g‘alaba qozongan. Rojyers o‘shanda Madriddagi o‘yinda ikkinchi tarkibni tushirgan, jamoani bir muddatlik tanaffusdan keyin Chempionlar Ligasiga qaytargan murabbiy Madridda g‘alabaga ishonmagani uchun rosa tanqidlarga uchragan edi. Xullas, o‘sha guruh bosqichida «Real» yuz foizlik natija qayd etgan, «Liverpul» uchinchi o‘rinda qolgandi.

Oltinchi uchrashuv 2018 yildagi YeChL finaliga to‘g‘ri keladi. Bu o‘yinning birinchi qismidayoq Ramos bilan to‘qnashuv tufayli, yetakchisi Salohni yo‘qotgan inglizlar tajribali «Real»ga yetarlicha qarshilik ko‘rsata olmagan va 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lgandi.

Jordan Henderson. Foto Reuters

Ammo keyingi mavsumda «Liverpul» yana finalga chiqdi va bu safar «Tottenhem»ni 2:0 hisobida yengib, sovrinni boshi uzra ko‘tardi.

2018 yilgi finalda ishtirok etgan futbolchilar deyarli hozir ham ayni libosda harakat qilmoqda. Madridliklar tarkibini Keylor Navas, Krishtianu Ronaldu va o‘sha o‘yinda dubl qayd etgan Garet Beyl (ijarada), «Liverpul» safini Lovren, Emre Jan, Lallana hamda darvozabon Karius (ijarada) tark etgan.

Jamoalar holati
Mavsumning ayrim pallalarida juda yomon o‘yin yoki natijalar ko‘rsatib kelgan «Real» ham, «Liverpul» ham so‘nggi paytlarda o‘z o‘yinini topib oldi va milliy chempionatlarda ham kurashga qo‘shildi. «Atletiko»ning o‘yini pasayishidan foydalangan Zidan shogirdlari peshqadamga yaqinlashib, qatorasiga ikkinchi chempionlik uchun kurashmoqda. «Liverpul» esa APL chempionligidan umid uzgan, Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun birato‘la 6 jamoa bilan raqobat qiladi. Ikki g‘alabadan so‘ng, «Liverpul»ning 4-o‘rindagi jamoa bilan farqi 3 ochkogacha qisqardi.