Chempionlar ligasi. 1/4 final. Birinchi o‘yin
«Manchester Siti» — «Borussiya» D — 2:1 (1:0)
Gollar: De Bryuyne, 19 (1:0). Roys, 84 (1:1). Foden, 90 (2:1).
«Manchester Siti»: Ederson, Uoker, Stouns, Joau Kanselu, Ruben Diash, Gundo‘g‘an, De Bryuyne, Ernandes, Foden, Mahrez, Bernardu Silva (Gabriel Jyezus, 59).
«Borussiya»: Hits, Hummels, Akanji, Morey (Mene, 81), Roys, Emre Jan, Rafael Gerreyru, Daud (Dileyni, 81), Bellingem, Holand, Knauff (Reyna, 63).
Ogohlantirishlar: Emre Jan, 30. Bellingem, 37.
Hakam: Hatsegan (Ruminiya).
6 aprel. Manchester. «Etihad» stadioni.

Pep Gvardiola Manchesterda beshinchi mavsumini o‘tkazmoqda. U «Siti» bilan Angliyada yutish mumkin bo‘lgan barcha sovrinlarni yutgan, uchinchi marta chempionlik ham yaqin. Lekin barchaga ma'lumki, kataloniyalik murabbiy uchun asosiy motivatsiya — Chempionlar ligasi.

«Manchester Siti»ga qandaydir tavqi la'nat yopishgandek. Bu so‘nggi yillarda sayyoraning eng kuchli jamoalaridan biri bo‘lib turibdi, «shaharliklar» har mavsum Chempionlar ligasida favoritlar qatorida bo‘ladi, ammo jamoa shu vaqtgacha biror marta finalga qadar yetib bormagan. Pepning «Siti»dagi to‘rt yevromavsumi haqida qisqacha:

2016/17 — 1/8 finalda «Monako»ga mag‘lub bo‘lish;

2017/18 — 1/4 finalda «Liverpul»ga mag‘lub bo‘lish;

2018/19 — 1/4 finalda «Tottenhem»ga mag‘lub bo‘lish;

2019/20 — 1/4 finalda «Lion»ga mag‘lub bo‘lish.

Bu paradoks: zamonaning eng kuchli murabbiylaridan biri saralangan futbolchilar tarkibi bilan ham to‘rt yil ichida biror marta Yevropaning eng kuchli to‘rt jamoasi qatoridan joy ololmagan. Hamisha nimadir to‘siq bo‘lavergan: goh yo‘ldan Mbappe chiqqan, goh Klopp, gohida esa VAR (2019 yil bahorida «Tottenhem»ga qarshi javob o‘yinida qo‘shimcha vaqtda Sterling urgan gol bekor qilingandi). O‘tgan yozda «Siti»ga hech kim qarshilik qila olmaydigandek edi: jamoaga chorak finalda mavsumni juda bo‘sh o‘tkazgan va yakunda yevrokuboklarga yo‘llanma ola bilmagan «Lion» raqiblik qilgandi. Ammo fransuzlar pandemiya tufayli pley-off o‘yinlari qisqartirilgan sharoitda - bir o‘yinda sensatsion ravishda g‘alaba qozonishdi - 3:1. O‘shanda mag‘lubiyat uchun aynan Gvardiolani ayblashdi — go‘yoki u taktika tuzishda futbolchilarning sonini hisobga olmay chalkashib ketgan.