12:17 / 08.04.2021
8399

Namangan viloyati IIB «Navbahor» - «Paxtakor» uchrashuvidan keyingi tartibsizliklar yuzasidan rasmiy bayonot berdi

Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi 7 aprel kuni Superliganing 5-turi doirasida bo‘lib o‘tgan «Navbahor» - «Paxtakor» uchrashuvidan (1:2) keyingi tartibsizliklar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Ma'lum qilinishicha, hakamlar, «Paxtakor» o‘yinchilari va mehmonlar fan-klubining 35 nafar a'zosi nazorat ostida Namangan shahridan kuzatib qo‘yilgan.

«O‘yin yakunlangach, e'tiroz bildirayotgan tomoshabinlarga tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilib, tarqatish choralari ko‘rildi.

Hakam, mehmon o‘yinchilar va «Paxtakor» fan-klubining 35 nafar a'zosi nazorat ostida Namangan shahridan kuzatib qo‘yildi.

Mazkur uchrashuv davomida jamoat tartibi to‘liq saqlanib, fuqarolar orasida hech qanday talafot yoki tan jarohat olish holatlariga yo‘l qo‘yilmadi.

Tomoshabinlar orasida faol e'tiroz bildirib, boshqalarga ta'sir o‘tkazmoqchi bo‘lgan 2 nafar futbol ishqibozi ajratib olindi va Davlatobod tuman IIBga olib kelinib, shaxsiga aniqlik kiritildi hamda tushuntirish ishlari olib borildi.

Xizmat mobaynida jamoat tartibini saqlashga jalb qilingan huquqni muhofaza qiluvchi barcha idoralar shaxsiy tarkibi orasida hech qanday tan jarohat olish holatlariga yo‘l qo‘yilmadi», deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, Namangandagi uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida toshkentliklar jamoasi hujumchisi Sardor Rashidov raqib jarima maydonida yiqitilgach, bosh hakam Firdavs Norsafarov VAR tizimi orqali vaziyatni ko‘rib chiqdi va penalti belgiladi. Bu qaror qabul qilinishi 5 daqiqadan ortiqroq vaqt oldi. Mehmonlar hujumchisi Dragan Cheran penaltidan unumli foydalanib, jamoasiga g‘alaba keltiruvchi golni urdi.

O‘yin yakunlangach, keyin hakamlar va «Paxtakor» futbolchilari stadionni namanganlik muxlislar tomonidan turli vositalar uloqtirilayotgan holatda tark etishdi. Shuningdek, «Navbahor» jamoasi muxlislari stadion tashqarisida ham tartibsizliklar yuzaga keltirishdi. Ushbu jarayon aks etgan video lavhalar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Top