Bugun, 9 aprel kuni prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov va ommaviy axborot vositalari ishtirokida brifing o‘tkazildi. Tadbirda davlat rahbarining bir hafta davomidagi faoliyatiga oid ma'lumotlar va kelgusi rejalar e'lon qilindi.

Rossiya va Janubiy Koreyaga safarga tayyorgarlik
Bu hafta tadbirlarga boy bo‘ldi. Davlatimiz rahbari xorijiy delegatsiyalarni qabul qildi, muhim yig‘ilishlar o‘tkazdi.
5 aprel kuni Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Eron – bizning an'anaviy sherigimiz, katta iqtisodiy va intellektual salohiyatga ega davlat. Keyingi yillarda ikki tomonlama aloqalar faollashdi. 2019 yildan Eron uchun soddalashtirilgan viza tizimi joriy qilindi.
Uchrashuvda 2020 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo 250 million dollarni tashkil etgani, qo‘shma korxonalar soni 3 barobar ortgani, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika kabi sohalarda umumiy qiymati 61 million dollarlik qator yangi investitsiya loyihalari amalga oshirilayotgani ta'kidlandi.
Xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi. Vazir Zarif 15-16 iyul kunlari Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada ishtirok etishini tasdiqladi.
5 aprel kuni prezidentimiz Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri Denis Manturov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Toshkentda ilk bor «Innoprom» yirik sanoat haftaligi bo‘lib o‘tdi. Ushbu ko‘rgazmada mamlakatimiz korxonalari ishlab chiqarayotgan mahsulotlar rossiyalik ishbilarmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Joriy yilda epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib prezidentimizning Rossiyaga rasmiy tashrifini tashkil etish rejalashtirilayotgani, bo‘lajak muzokaralarga tomonlar puxta tayyorgarlik ko‘rayotgani qayd etildi.
6 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Koreya Respublikasi parlamentining Milliy Assambleya Spikeri Pak Byon Sok boshchiligidagi delegatsiya bilan muloqotda mamlakatlarimiz ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashda qat'iy ekanliklari ta'kidlandi.















