«Tadbirkor ko‘p qavatli uyimizning himoya zonasida kran o‘rnatdi. Hokimlikka qilgan murojaatlarimizdan foyda bo‘lmayapti. Bolalarimiz o‘ynaydigan joy edi. Shamol vaqtida kran yiqilsa, turar joyimizga va shu atrofda o‘ynab yurgan bolalarimizga zarar yetkazadi», deyilgan murojaatda.

Kun.uz muxbiri holatni o‘rganish uchun Qarshi shahriga bordi. «Ozod va obod vatan» boshqaruv shaklidagi MChJga tegishli ko‘p qavatli uyning old qismida «kran» o‘rnatilgan. Xavfsizlik texnikasiga mutlaqo javob bermaydi. Achinarlisi, kranning g‘ildiragini to‘xtatib turish uchun tosh va yog‘och bo‘lagi tirab qo‘yilgan.
Keyinchalik o‘zini tadbirkor deb tanishtirgan yigitning aytishicha, kranni muvozanatda tutib turuvchi ortidagi betonlarning og‘irligi 30 tonna ekan.
«Tadbirkor yashil maydon deb belgilangan joyga kranni o‘rnatdi. Rels turgan joyning tagidan kanalizatsiya o‘tgan. Bolalarimiz o‘ynashiga joy yo‘q. Kamiga uyni qurgan quruvchiga yalina-yalina arang qurdirgan «besedka»larimizni buzamiz deyishmoqda.

Kranning o‘rnatilishi xavfsizlik texnikasiga zid. Simlari ochiq. Hozir tokka ulanmagan bo‘lsa ham xavfli. Bolalar zinasidan tepaga chiqishi mumkin. Ota-onalar ularning ortidan doim kuzatib o‘tirolmaydi-ku?
Shahar hokimligiga murojaat qildik. Ular «kran ishga tushirilmaydi, to‘xtatiladi hamma ishlar, qachonki hujjatlarini taqdim etsa, biz ruxsat bersak ishlarini boshlaydi», deyishdi. Lekin tadbirkor o‘sha kuniyoq kranni tikka qildi», — deydi «Ozod va obod vatan» boshqaruv shaklidagi MChJning hududiy rahbari Umida Mamatova.
«Bizga mana bu kran xalaqit beryapti. Shiyponchalarimizning naryog‘ida ishlataversin. Xohlasin gipermarket qursin, xohlasin uy qursin. Hozir buning turishi xavfli. Bu yerda bolalarimiz o‘ynaydi. Mashinalar tirband bo‘lib yotibdi. Shundoq ham bolalar maydonchamiz yo‘q. Quruvchimiz hamma joyni chala qilib ketgan.

Kran masalasi bo‘yicha bormagan joyimiz qolmadi. Hokimlikka ham bordik, qurilish boshqarmasiga ham. Hammasi kelib ko‘radi, bizga boshqa narsa deydi, quruvchiga boshqa narsa. Kimga murojaat qilishimiz kerak?

















