Ispaniya chempionati. La liga. 30-tur
«Real» — «Barselona» — 2:1 (1:0)
Gollar: Benzema, 13 (1:0). Kroos, 28 (2:0). Mingesa, 60 (2:1).
«Real»: Kurtua, Vaskes (Odriosola, 43), Eder Militao, Nacho, Mendi, Kazemiro, Kroos (Marselo, 72), Valverde (Asensio, 61), Modrich, Benzema (Isko, 72), Vinisius Junior (Dias, 72).
«Barselona»: ter Shtegen, Dest (Grizmann, 46), Arauxo (Moriba, 72), Mingesa, Langle, Jordi Alba, Buskets (Serji Roberto, 64), de Yong, Pedri (Trinkan, 81), Messi, Dembele (Breytueyt, 81).
Ogohlantirishlar: Pedri, 23. Arauxo, 26. Nacho, 69. Jordi Alba, 84. Kazemiro, 89.
Chetlatish: Kazemiro, 90.
Hakam: Xil Mansano.
10 aprel. Madrid. «Alfredo di Stefano» stadioni.

Kuman «oson o‘qildi»
«Bu mashg‘ulot maydoni. Masalan biz «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yindan oldin ularning shunday bazasida tayyorgarlik ko‘ramiz», — deya shov-shuvli bayonot bergandi Chempionlar ligasining Madridda kechgan birinchi uchrashuvidan keyin «Liverpul» bosh murabbiyi Yurgen Klopp. «Santyago Bernabeu»da katta ko‘lamli rekonstruksiya ishlari ketayotgani tufayli «Real» raqiblarni «Alfredo Di Stefano»da qabul qilmoqda. Kloppga Zidan ham, Peres ham, klubning sobiq prezidenti Xorxe Valdano (u rekonstruksiyadan keyin «Santyago Bernabeu» bilan solishtirganda «Enfild» mashg‘ulot maydoniga aylanib qolishini aytdi) ham javob qaytardi. Ammo baribir klasikoni bunday stadionda kuzatish noodatiy holat edi.

Boshqa tomondan, futbolchilar uchun bu stadion ham sinov maydoni edi. Haqiqiy talantlar har qanday sharoitda ilhom topa olishadi. Xuddi ko‘p yillar muqaddam braziliyalik Ronaldo «Dinamo» stadionining «dahshatli» chimida fenomenal o‘yin ko‘rsatgani kabi.

Madridda esa maydon ideal holatda edi, yulduzlar ham ajoyib o‘yin va'da qilishardi. Muxlislar ayniqsa Leo Messi ijrosidagi o‘yinni kutishardi. Buning uchun sabablar yetarli edi. Birinchidan, Serxio Ramosning jarohati argentinalik futbolchiga 45-klasikosida madridliklar sardorini ispan futbolidagi asosiy o‘yinlarda ishtirok etish bo‘yicha u bilan tenglashib olishga imkon bergandi. Ikkinchidan, «Real»ga qarshi shanba kungi o‘yin Messi uchun ko‘k-anorranglilar libosidagi so‘nggi o‘yin bo‘lib qolishi mumkinligi haqida hammayoqda yozishdi.