Kun.uz'ning Uzbek.Life loyihasi chet eldagi hamyurtlarimizning turli mavzulardagi qiziqarli materiallarini berib borishni yo‘lga qo‘ymoqda. Bugungi dastlabki maqolada bir necha yillardan buyon Ispaniyada yashayotgan kolumnist Maqsud Salomov Kataloniyadagi jamoat transporti haqida so‘z yuritadi.

Kataloniya – Ispaniyadagi muxtor hudud. To‘rtta provinsiya – Barselona, Tarragona, Leyda va Jironadan iborat. Provinsiyalar ham bir qancha shaharlar va boshqa hududiy birliklardan tashkil topgan.

Jamoat transporti turlari, sharoitlari va narxlari provinsiya va shaharga qarab farq qiladi. Kataloniyadagi jamoat transporti haqida umumiy tasavvurga ega bo‘lishingiz uchun bitta katta, bitta kichik shaharni misol sifatida olamiz: katta shahar – Barselona (Barselona provinsiyasi poytaxti), kichik shahar esa – Jirona (Jirona provinsiyasi poytaxti).

O‘zim Jironada yashaganim sababli, keling, sayohatni Jironadan boshlaymiz.

Jironada avtobusdan boshqa jamoat transporti vositasi yo‘q

Jirona, shahar ichida qatnovchi odatiy avtobus

Nisbatan kichik shahar bo‘lgani sababli Jirona shahri ichidagi yagona jamoat transporti – avtobusdir. Avtobuslar 10 ta yo‘nalish bo‘ylab qatnaydi, lekin ulardan foydalanuvchilar u qadar ko‘p emas. Buning sababi ikkita:

1. Jirona – kichik shahar va diqqatga sazovor yerlar yoki asosiy hukumat tashkilotlarining deyarli barchasi bir-biriga yaqin joylashgan. Shaharni bemalol piyoda kezib chiqish mumkin.

2. Hozirda pandemiya sababli kishilar avtobusdan imkon qadar foydalanmaslikka harakat qiladi.

Avtobusda yo‘l haqini naqd to‘lay olish – qulaylik

Jironada avtobus haqini naqd to‘lashingiz mumkin. Naqd to‘langanda bir marta avtobusdan foydalanish uchun 1,4 yevro (taxminan 17 400 so‘m) to‘laysiz.

Avtobusda yo‘l haqini to‘lash uchun naqd pul ham qabul qilinishini juda qulay deb bilaman. Ko‘pgina Yevropa shaharlarida avtobus haqini naqd to‘lay olmaysiz. Albatta yo‘l chiptasi sotib olishingiz kerak bo‘ladi. Bunday chiptalar esa maxsus bekatlar yoki chipta avtomatlarida sotiladi. Chiptani xarid qilish uchun esa ular sotiladigan bekat yoki chipta avtomatini topib olishingiz kerak. Har zamonda bir avtobusga chiqadigan kishi uchun bu noqulaylik tug‘dirishi mumkin.