Chempionlar ligasi. 1/4 final. Javob o‘yini
«Liverpul» (Angliya) — «Real» (Ispaniya) — 0:0
«Liverpul»: Alisson, Roberson, Aleksandr-Arnold, Fillips, O‘zan Kabak (Tiagu Alkantara, 60), Milner (Jota, 60), Veynaldum, Fabinyu, Roberto Firmino (Oksleyd-Chemberlen, 82), Saloh, Mane (Shaqiri, 82).
«Real»: Kurtua, Nacho, Mendi, Eder Militao, Modrich, Kroos (Odriosola, 72), Kazemiro, Valverde, Benzema, Asensio (Isko, 82), Vinisius Junior (Rodrigo, 72).
Ogohlantirishlar: Roberson, 25. Kazemiro, 25. Fillips, 59.
Hakam: Kyupers (Niderlandiya).
14 aprel. Liverpul. «Enfild» stadioni.
Birinchi o‘yin — 1:3.

Zinedin Zidan boshqaruvidagi «Real» Chempionlar ligasidan pley-offda chiqib ketishi faqat bir marta — fransiyalik mutaxassisning to‘liqsiz mavsumida ro‘y bergan, o‘shanda 1/8 finalda «Manchester Siti»ga qarshi ikki uchrashuv ham 1:2 hisobidagi mag‘lubiyat bilan tugagandi. Bu murabbiy bilan madridliklar asosiy yevrokubokda qatorasiga uch mavsum g‘olib bo‘lishgan, bunga qadar YeChLda biror klub avvalgi mavsumdagi chempionlikni saqlab qola olmagandi. Bu yutuq — aql bovar qilmas natija, hatto «Qirollik klubi» imkoniyatlarini hisobga olganda ham.

Lekin buning uchun Zidanni buyuk murabbiy deb atash mumkinmi? Yoki hech bo‘lmasa, zamonaviyning eng yaxshi murabbiyi deyish? Zizuning tanqidchilari yetarlicha, xuddi Klopp va Gvardiolada bo‘lgani kabi. Ammo nemis va ispan mutaxassisdan farqli o‘laroq, 1998 yilgi jahon chempioniga bir jiddiy e'tiroz bor: «Real»da «Man Siti» yoki «Liverpul»da bo‘lgan o‘ziga xos uslub yo‘q. Ko‘pchilik o‘sha g‘alabali uch mavsumda «qaymoqranglilar»ga g‘oliblikni «omad kokteyli», hakamlarning xatolari va Krishtianu Ronaldu omili keltirgan deb hisoblaydi. Ko‘pchilik eslaydi: Finallardan birida Ramosning goli ofsayddan kiritilgan, boshqasida Karius yordam bergan, «Yuventus»ga qarshi chorak final o‘yinida «yuragi o‘rnida chiqindi idishi bo‘lgan hakam» ishlagan... Bundan tashqari, nisbatan yengil taqvim ham «Real»ning ishini osonlashtirgan. 2015/16 yilgi mavsumdagi raqiblar: «Roma», «Volfsburg», Gvardioladan oldingi «Manchester Siti» va finalda «Atletiko».

Gapning indallosi, Zidanga savollarni ko‘p berish mumkin. Va Zinedin hozir javob berishi kerak. Krishtianu allaqachon jamoani tark etib ketgan. Endi raqiblar qiyinroq: «Real» eng qiyin guruhdan pley-offga chiqdi, pley-offda dastlab «chaqilmas yong‘oq» «Atalanta»ning to‘sig‘idan o‘tdi, endi «Liverpul» turnirdan chiqarib yuborildi. Ha, hozir qizillarning eng yaxshi davrlari emas: himoya markazida sifatli futbolchilar yo‘q, jamoaviy o‘yin ham avvalgidek emas. Ammo «Real» ham kadrlar muammosiga duch kelgan: Ramos, Varan, Azar, Vaskes, Karvaxal kabi futbolchilar safdan chiqqan. Hakamlar qo‘llab-quvvatlovi haqida gaplar o‘rinsiz: birinchi o‘yinda ham, javob o‘yinida ham ular risoladagidek ishlashdi.