Turkiyada o‘tkazilgan qisqa metrajli film va ssenariylar tanlovi g‘olibi Muhammad Ali Doniyorov – Kun.uz'ning Uzbek.Life loyihasi navbatdagi mehmoni.

«Vijdon borligini, axloq degan narsa borligini, diyonat, oila degan narsalar borligini eslatish va ko‘rsatish – kelajakda oldimga qo‘ygan maqsadlarimdan biri», – deydi yosh rejissyor.

— Muhammad Ali, sizni Turkiya inson huquqlari va tenglik tashkiloti (TİHEK) o‘tkazgan qisqa metrajli film va ssenariylar tanlovi g‘olibi sifatida bilamiz. Bu haqda avvalroq saytimizda ham material e'lon qilingandi. Keling, suhbatimiz avvalida o‘zingiz va faoliyatingiz haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsak.

— Toshkent shahrida tug‘ilganman. Oilada uch nafar aka-ukamiz. Dadam – matematika, geometriya fani o‘qituvchisi. Onam esa ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lganlar.

Turkiyada o‘tkazilgan kinofestivalda «Nafas» («Soluk») nomli qisqa metrajli filmingiz bilan ishtirok etdingiz. Ushbu filmning ssenariy muallifi ham o‘zingiz. Film g‘oyasining tug‘ilishi va tasvirga tushirish jarayonlari qanday kechdi?

— Turkiyaga kelgandan keyin moddiy jihatdan ma'lum vaziyat: inson baribir ishlashi kerak bo‘ladi. Musofir yurtdamiz, ishlashga majbur bo‘lamiz, oilamizni boqishimiz kerak.

Bir o‘rtog‘im bo‘lardi. U bilan omborxonada birga ishlardik. Bir kuni uning onasi operatsiya qilinadigan darajada qattiq kasal bo‘lib qoldi. Jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun Turkiya hisobi bo‘yicha 9 ming lira (hozirda 1100 dollar – tahr.) kerak edi. O‘rtog‘im boshlig‘idan «Menga 9 ming lira berib tur, men senga ishlab qaytaraman. Oyligimdan «kesib» yuborishing ham mumkin», deb so‘ragan. Ishxona xo‘jayini esa bunga ko‘nmagan. Keyin onasining kasali yanayam og‘irlashdi. U bola bir nima qildi – u yoq-bu yoqdan pul topib, onasini tuzatdi, Xudoga shukr. Hikoyaning tug‘ilishi o‘sha yerdan boshlangan.