Adliya vaziri Ruslanbek Davletov iqtisodchi Behzod Hoshimov bilan suhbatda qonun ustuvorligiga to‘siq bo‘layotgan ayrim muammolarga to‘xtalib o‘tdi. Vazir qabul qilingan qonunlar hamma uchun barobarligi, ammo ijro masalasida kamchiliklar ko‘pligini aytib o‘tdi.
Majburiy mehnat – feodal tuzum sarqiti
Vazir yaqingacha oddiy holdek qarab kelingan majburiy mehnat aslida oldin ham qonun buzilish holati hisoblangani, ammo o‘sha davrda ham, hozir ham qonunlar ijrosini to‘liq ta’minlashga erishilmaganini aytib o‘tgan.
«Majburiy mehnatni yillar davomida oddiy holat bo‘lgan, o‘rganib qolganmiz bu narsaga, deb yurganmiz. Aslida bu feodal tuzum sarqiti. Bu – qonun buzilishi. O‘sha paytda ham qonun buzilishi edi. Faqat bunga e’tibor yo‘q edi.
Kerak bo‘lsa, jamiyatning toqatsizlik immuniteti ham buni oddiy hol, deb qabul qilgan.
Bunga kim yo‘l qo‘yib kelgan? Albatta, davlat tizimi bundan foydalanib, ekspluatatsiya qilib kelgan.
Chunki arzon yoki tekin ishchi kuchi bo‘lgan. Bildikki, juda katta resurslarni bitta sohadan boshqa sohaga safarbar qilish hech qanaqa samara bermadi. Yo davlatimizni, yo xalqimizni boy qilmadi. Bizga hech qanaqa naf olib kelmadi.
Shuning uchun ham ming yildan beri tasdiqlangan aniq modellar bor. O‘zimizcha yangi model o‘ylab topmasligimiz kerak. O‘sha modellarning borini ishlatsak, hozir ham o‘n barobar kuchli rivojlanishga salohiyatimiz yetadi», dedi Ruslanbek Davletov.
«Qonun hammaga birdek qo‘llanishi kerak»
Davletov O‘zbekiston qonunlarida barcha fuqarolarga tenglik belgilangani, ammo ijro tizimida muammolar borligini qayd etdi.
«Qonuniylik har qanday jamiyatni tahlil qilsangiz ham markaziy ahamiyatga ega bo‘lgan konseptual masala. Shuning uchun ham biz qonun ustuvorligi to‘g‘risida ko‘p gapiramiz. Ko‘p qadamlar bosyapmiz. Ammo tizimda hali juda katta muammolarimiz bor. Buni tan olishimiz kerak. Kimdir adolat deydi, adolat baribir kelib qonunga taqaladi.
Bizning qonunchilik sifat va belgilangan norma nuqtayi nazaridan universal xarakterga ega.
Qandaydir elita qismi manfaatiga qaratilmagan bo‘lsa ham, lekin ijro bilan muammo bor. Qonunchilik bir xilda qo‘llanishi kerak. Siz qaysi viloyat yoki tumanda bo‘lsangiz ham, qonun kuchiga tayanib harakat qilishingiz kerak. Ya’ni ijro har xil bo‘lsa, parokandalikka olib keladi. Bu bo‘yicha bizda hozir aniq muammolar bor. Buni tan olib aytamiz.















