Xo‘sh, dunyoning boshqa mamlakatlarida ham odamlar shunday orzu-havaslar bilan yashaydimi yoki bu faqat o‘zbeklarga xos xislatmi? Bir o‘ylab ko‘raylik, insonlarning moddiyatni hayotiy maqsad deb bilishi qanchalik to‘g‘ri?

Rivojlangan mamlakatlar inson kapitaliga diqqatini qaratayotgan bir vaqtda farzandlar ta'lim-tarbiyasidan ko‘ra moddiy qimmatliklar-u hashamatga muhabbat qo‘ygan millatning ertasi qanday bo‘ladi?  

Bugun biz o‘z sohasining malakali mutaxassislari bo‘lgan jamoatchilik faollari bilan mavzu yuzasidan fikr almashamiz.

«Odamlar anglashi kerak: dunyo qayoqqa qarab ketyapti va biz qaysi manzillarni ko‘zlayapmiz»

Sotsiolog Zavqiddin Gadoyev:

«Moddiy dunyoga berilish butun insoniyatga xos tuyg‘u va u millatlarda turli ko‘rinishga ega. Tashqi ko‘rinish: uy-joy, mashina, qimmatbaho buyumlar orqali o‘zining kimligini ko‘rsatish, bu avvalo, millat, xalq yoki mamlakatda ilmiy nuqtayi nazar, ta'limning darajasi bilan bog‘liq. Ta'lim qanchalik yuksak darajaga yetadigan bo‘lsa, tafakkur qilish, dunyoni tushunish shu darajada yuqori bo‘ladi. 

Inson ma'naviy dunyosini boyitgani sari moddiy dunyoning ham o‘ziga yarashasini belgilab oladi. Haddan tashqari moddiyatga berilish tafakkur qilishning cheklanishi bilan bog‘liq. Rivojlangan dunyoga e'tibor bersak, mashina, uy hech qanday ko‘rsatkichni belgilab bermaydi. Odamlarning uy-joyi yo‘q va bu ular uchun fojia emas. Ijarada yashashadi, chunki uyga ko‘p pul tikishni istashmaydi. 

Moddiyatga berilish mentalitet bilan bog‘liq. Bizda o‘zbek mentaliteti yillar davomida materializmni asosiy o‘ringa qo‘ydi. Bu holatdan chiqib ketishning yagona yo‘li ta'lim. Ayniqsa, oliy ta'limdir, chunki millatning keyingi hayotini belgilab beruvchilar aynan oliy ma'lumotli kadrlardir. Ta'lim olish orqaligina moddiy va ma'naviy dunyoni ajratishni boshlaymiz.

Inson uchun moddiyat muhimmi yoki ma'naviy dunyo? Albatta, moddiyatsiz bo‘lmaydi. Masalan, uy sizga nima uchun kerak: boshpana, dam olish maskani. Biz esa bu dunyoda xuddiki bir umr yashaydigandek uy quramiz, topgan pulimizga mashina minishni istaymiz. 

Maktabda va oilada bolalarga hayotda yashashdan maqsad nima ekanini to‘g‘ri tushuntirishimiz kerak. Tiriklik faqat mashina olish, farzand ko‘rish, uni uylantirish, to‘y qilishdan iborat emas.