East Fruit tahlillariga ko‘ra, ayni paytda banan narxlari butun dunyoda o‘tgan yilga nisbatan ancha qimmat hisoblanadi. Bu barcha mamlakatlar uchun dolzarb tendensiyadir.
Ayni paytda bananlarning o‘rtacha narxi Rossiyada bir yarim baravar oshdi va mamlakat ulgurji bozorida o‘rtacha 1 kg banan 1,44 dollar atrofida sotilmoqda. Shu bilan birga, bananlarni moddiy-texnika jihatidan olisligi sababli Markaziy Osiyo mamlakatlarida an'anaviy narxlardan ancha qimmatroq sotib olish mumkin. Tojikistonda ushbu mevaning ulgurji narxi kilogrammi uchun 1,57 dollar, O‘zbekistonda esa 1,99 dollarni tashkil etmoqda.

Bundan tashqari, Belarusda ushbu mevalar o‘rtacha 25 foizga, Polsha va Gruziyada esa 21 foizga qimmatlashgan.
Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda banan narxi ko‘tarilishiga nima sabab bo‘lmoqda?
Butun dunyoda bananlarning juda katta qismi Ekvadorda yetishtiriladi va Markaziy Osiyo hamda Sharqiy Yevropa mamlakatlariga ushbu davlatdan import qilinadi. Mamlakat iqtisodiyotining pasayishi, Sovid-19’ning tez tarqalishi, shuningdek, 2020 yilda global talabning pasayishi sababli bananlarning jahon bozoridagi narxi keskin tushib ketdi. Bu esa ushbu mevani yetishtirishga manfaatdorlikni kamaytirdi.
Bundan tashqari, joriy yil mart oyida mamlakatda Sangay vulqonining otilishi banan hosiliga jiddiy zarar yetkazgan. Shuningdek, Ekvador bananlariga kutilmaganda AQSh bozorida kuchli talab paydo bo‘ldi. 2020 yil noyabrida Markaziy Amerika bo‘ylab ro‘y bergan toshqinlardan so‘ng, banan ishlab chiqarilishi Gvatemala, Honduras va mintaqaning boshqa mamlakatlarida jiddiy darajada kamayib ketdi va AQSh ichki bozor talablarini o‘zi uchun noodatiy bozor hisoblangan Ekvador mahsulotlari bilan ta'minlay boshladi.
Ishlab chiqarish qisqarishi, boshqa muqobil qulay bozorlar paydo bo‘lishi va Sharqiy Yevropa hamda Markaziy Osiyo mintaqasidagi mamlakatlarning aksariyati milliy valutasining dollarga nisbatan qadrsizlanib ketishi ichki bozorda import qilinadigan mahsulotlar qimmatlashishiga olib kelgan.














