Maktablar ta'miri uchun 37 trillion so‘mga yaqin mablag‘ zarur. XTV investitsiya dasturining yillik qiymati esa yiliga 2 trln so‘m atrofida.

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov 4 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi hukumat soatida shu haqda so‘z yuritdi.

«Nega 70 foiz maktablar ikki smenada ishlaydi, degan savol ko‘p beriladi. Albatta, buning sabablari bir nechta.

Birinchidan, cobiq ittifoq mamlakatlari aholisining o‘sish dinamikasini solishtirsak, eng ko‘p aholi o‘sishi O‘zbekistonga to‘g‘ri keladi. Tabiiyki, aholi soni o‘sishi maktablar ko‘payishiga olib kelishi kerak.

Masalan, Rossiya yo Ukrainada so‘nggi 30 yilda aholi soni kamaygan, bu mamlakatlarda SSSR davrida qurilgan infratuzilma ham yetarli bo‘lishi mumkin.

Ikkinchidan, 9 yillik ta'limga o‘tilganda asosiy e'tibor litsey-kollejlarga qaratilgan edi. 2010-2017 yillarda 1,5 mingdan ortiq litsey-kollej qurilgan. Maktablarga yetarlicha e'tibor berilmadi.

11 yillik ta'limga qaytilgach, 400ga yaqin litsey-kollej maktabga aylantirildi. Hammasiyam qaytarilmasligiga sabab – ba'zilari maktab uchun qulay joyda joylashmagan, qolaversa, ayrimlarida kasb-hunar maktablari tashkil etildi.

Qolaversa, 10 yil davomida juda ko‘p maktab binolari boshqa idoralarga foydalanishga berib yuborilgan.

1991 yilda o‘quvchilar soni maktablar quvvatiga nisbatan kam bo‘lgan. Hozirgi kunda esa o‘quvchilar soni maktablar quvvatiga nisbatan 1 millionga ko‘p. Shu sababli ham maktablarning aksariyati ikki smenada ishlaydi. Hammasini bir smenali qilish uchun juda katta resurs talab qilinadi.

Bu hozirgi bo‘layotgan muhokama o‘z vaqtida bo‘lyapti, negaki kelgusi yillarga prognozlarimizga ko‘ra, oradagi farq kattalashib boraveradi. O‘quvchi o‘rni va o‘quvchi soni o‘rtasidagi farq 2025 yilga kelib 2 millionga chiqishi mumkin. Bu degani maktablar sig‘imi borasida qiyin ahvolga tushib qolishimiz mumkin.

Shu bilan birga, 2018-2020 yillarda investitsiya dasturlari bois o‘zgarishlar bo‘ldi. Bu davrda maktablar uchun ajratilgan mablag‘larni 2016 yilgacha bo‘lgan davr bilan solishtirsak, istalgan hududda 3-4 baravar oshganini ko‘ramiz. Chunki investitsiyadan tashqari, «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida, shuningdek hokimliklar tomonidan mahalliy budjetdan, homiylar tomonidan o‘zi o‘qigan maktablar ta'mirlandi.