Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi:
Ramazon oyi kelganida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Alloh sizlarga bu oyda ro‘za tutishni farz qildi. Bu oyda jannat eshiklari ochiladi, do‘zax eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi. Unda ming oydan yaxshi bir kecha bor. Kim undagi yaxshiliklardan mahrum bo‘lsa, mahrum qilinadi», – dedilar (Imom Nasaiy).
Bu kunning fazilati, uning barokoti va yaxshiliklari, unda qilinadigan ibodatlar, duolar va xayrli amallar haqida to‘xtalib o‘tsak.
Uni qaysi kunlardan izlash kerak?
«Laylatul-qadr» so‘zining ma'nosi «belgilash, o‘lchash kechasi», ya'ni yil davomida turli amal, hukm, rizq, taqdir belgilanadigan kecha degan ma'noni bildiradi. Qadr kechasi Ramazonning so‘nggi o‘n kunligida yashiringan, uni o‘sha kunlarning toq kunlaridan izlagan afzal deyiladi.
Uboda ibn Somit (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi:
«Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Qadr kechasi Ramazonning oxirgi o‘n kunligidadir. Kim unda imon bilan Alloh roziligi uchun ibodat qilsa, albatta, Alloh avvalgiyu keyingi gunohlarini kechiradi. U toq kechada bo‘ladi. To‘qqizinchi yoki yettinchi yoki beshinchi yoki uchinchi yoki oxirgi kecha qadr kechasidir», dedilar» (Imom Ahmad rivoyati).
Ikki shayx va Termiziy rivoj qilgan boshqa bir hadisda aytiladi:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Laylatul Qadrni Ramazonning oxirgi o‘n kechasining toq (kecha)larida izlanglar», dedilar».
Ko‘pchilik ulamolar nazdida Laylatul Qadr kechasi Ramazonning 26-kunidan 27-kuniga o‘tar kechasidir.
Sahoba Zirr (roziyallohu anhu) Ubay ibn Ka'b (roziyallohu anhu)ga: «Birodaringiz Abdulloh ibn Mas'ud: «Kim bir yil tunlari qoim bo‘lsa, Qadr kechasini topadi», deb aytganlar», deganida, Ubay ibn Ka'b: «Alloh Abu Abdurahmon (Ibn Mas'ud)ni mag‘firat qilsin. Haqiqatda, u Qadr kechasi Ramazonning oxirgi o‘n kunligida ekanini bilar edi. Bu kecha yigirma yettinchi kechadir, lekin odamlar shunga suyanib qolmasligi uchun aytmasdi, – dedi. So‘ng qat'iy qasam ichib: – Yigirma yettinchi kechada, dedi. Shunda men: «Ey Abu Munzir, nima dalil bilan shunday deysan?» dedim. U zot: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizga aytgan belgi bilan: u kun quyosh shu'lasiz chiqadi», deb javob berdi (Imom Muslim va Termiziy rivoyati).
Abdulloh Ibn Umar (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallamning bir qancha sahobalari «Laylatul qadr»ni Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisida bo‘lishini tushlarida ko‘rishdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Sizlarning tushlaringiz «Laylatul qadr» Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisida ekaniga muvofiq keladi. Kimki «Laylatul qadr»ni kutmoqchi bo‘lsa, Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisida kutsin!», dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).















