O‘zLiDeP vakili Rasul Kusherbayev 6 may kuni e'lon qilingan maqolasida «Milliy tiklanish» partiyasini muammolarni sun'iy yaratish, odamlarni urishtirish, nizo chiqarish, oddiy aytganda, fitna qo‘zg‘ashga o‘xshash harakatlarda aybladi.

Kusherbayevga ko‘ra, oxirgi vaqtlarda u «Milliy tiklanish» partiyasining chiqishlariga e'tibor qilmaslikka urinyapti.

«Chunki partiya vakillari muammolarni sun'iy yaratish, odamlarni urishtirish, nizo chiqarish, oddiy aytganda, fitna qo‘zg‘ashga o‘xshash harakatlar qilayotganga o‘xshaydi. Balki adashgandirman, biroq bu so‘nggi paytlardagi shaxsiy kuzatuvlarim.

Shu bois har bir ishi, chiqishiga e'tibor qilaversam, men ham ayirmachiga aylanib qolaman. Men esa o‘zbek, qirg‘iz, tojik, rus, koreys, tatar, qozoq, uyg‘ur va boshqa do‘stlarim, qadrdonlarim bilan «Sen ariqning u tomonida ekansan», deb urishishni istamayman.

Biroq ushbu partiya nashrining 5 may 15-sonida jimjimador qilib ishlangan kollaj ostida bosilgan «Janob Liberallar, sukut alomati rizomi?» sarlavhali maqolada negadir yana sun'iy ravishda tadbirkorlarga men, Doniyor G‘aniyev va biz a'zo bo‘lgan partiyani yomon ko‘rsatishga urinishibdi. Bunaqa «bozorbop» chiqish uchun eng munosib javob aslida e'tibor bermaslik edi. Lekin andishaning oti ham qo‘rqoqmas, indamasak bo‘lmasligini tushundik.

«Milliy tiklanish» partiyasi gazetasi bahonasida ularga bir narsani eslatib o‘tmoqchiman: O‘zLiDeP fraksiyasidagi har bir deputat alohida individual shaxs va har birining o‘z mustaqil fikri bor. Fikrlar doim ham bir joydan chiqmasligi mumkin. Chunki liberallik, avvalo, erkinlik va yangilikka intilish degani.

Hammani birdek, bir qolipda fikrlashga o‘rgatish va ayttirish sobiq ittifoq mafkurasiga xos ish. Bu mafkura ko‘proq «Milliy tiklanish»ga yoqqan ko‘rinadi. Yoqsa, marhamat, vorislik qilavering, biroq bizni tinch qo‘ying!

Yana bir gap. Maqolada iddao qilingan mavzu, ya'ni ko‘chalardagi reklama masalasida men o‘z fikrimni aytdim: yoqadimi-yo‘qmi, bunisi qiziqmas. Yo‘llar, avvalo, haydovchi va yo‘lovchiga qulay bo‘lishini istayman, yo‘l reklama maydoni yoki bozor emas. Yo‘l, bu o‘z nomi bilan yo‘l axir. Yo‘l bo‘ylariga har qanday bo‘lar-bo‘lmas reklama vositalari qo‘yilishiga shaxsan men qarshiman. Bu gapim yoqmasa yoqmas, biroq sun'iylik qilib, yoqmagan gapni yoqdi, deb aytolmayman-ku! Xullas, reklama qilishga yo‘ldan boshqa joy topish kerak», – deydi deputat.

Rasul Kusherbayevga ko‘ra, «Milliy tiklanish» partiyasi yaqinda qabul qilinib, Senatga yuborilgan «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamasi vaqtida diniy ta'limni kengaytirish taklifiga ham qarshilik bildirgan.