Dam olish kunlari Yevropa milliy chempionatlarida hal qiluvchi palla bo‘ladi, deb bemalol aytish mumkin. Ispaniyada chempionlikka da'vogar to‘rt jamoa o‘zaro o‘yinlarda maydonga tushsa, Angliyada YeChL finaliga chiqqan klublar to‘qnashuvi, boshqa ligalarda YeChL yo‘llanmalari uchun kurash avj olgan. Sovrin yuta olmasligi bilan «nom qozongan» Maurisio Pochettino esa bu «ishni» Fransiyada ham davom ettirishi mumkin. «Lill» mavsum tugashiga 2 tur qolganda peshqadam va juda ishonchli ko‘rinmoqda.

La Liga. 35-tur

8 may (shanba)

BARSeLONA – ATLeTIKO

O‘yin boshlanish vaqti: 19:15

TV-translatsiya: FutbolTV

Bugun Ispaniyada nafaqat turning, balki yilning markaziy uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. 7 yil avval «Kamp Nou»da xuddi shu jamoalar o‘rtasida chempionlik o‘yini bo‘lib o‘tgan va 1:1 hisobidagi durang madridliklarni mamlakat chempioniga aylantirgandi. Bu safargi intriga yanayam kattaroq, zero durang «Barselona»ni ham, «Atletiko»ni ham qoniqtirmaydi. U holda «Real» birinchi o‘ringa chiqib olishi va uch tur qolganda ushbu poyganing favoritiga aylanishi mumkin.

«Barselona» «Granada»dan uchralgan alamli mag‘lubiyatdan so‘ng, uchlikdagi favorit maqomini boy berdi. Endi Kuman shogirdlari bugun «Atletiko»ni yutishlari shart va «Real»ning qoqilishidan umid qilishlariga to‘g‘ri keladi. «Atletiko»ning imkoniyati esa o‘z qo‘lida – qolgan 4 o‘yinda g‘alaba qozon va sen chempionsan.

O‘yinga har ikki jamoa ham optimal tarkiblarda yetib kelayotgani ham ayni muddao, uchrashuvning shiddatli va sifatli bo‘lishini ta'minlaydi. Faqatgina mehmonlar safida qanot literali Renan Lodining jarohati Simeone imkoniyatlarini cheklashi mumkin. Odatda, u top raqiblarga qarshi uch markaziy himoyachi bilan o‘ynaydi va bu sxemada Triper va Lodi ikki qanotda to‘p suradilar. «Elche»ga qarshi o‘yinda «Atletiko» 4-4-2 o‘ynadi, Karrasko va Lemar vinger pozitsiyasi uchun tanlandi. Xo‘sh, Simeone o‘z an'anasidan voz kechib, kuchli raqibga nisbatan ham 4-4-2 da o‘ynaydimi yoki literal sifatida Lodining o‘rniga Karrasko yoki Lemardan foydalanadimi? Har ikki holat ham Simeone uchun optimal variant emas va aynan shu muammo balki madridliklar uchun hal qiluvchi bo‘lishi mumkin.

O‘zaro o‘yinlarga kelsak, birinchi davrada Madridda bo‘lib o‘tgan bahsda mezbonlar minimal hisobda g‘alaba qozongandilar. Umuman so‘nggi uch o‘yindan beri kataloniyaliklar «Atletiko»ni yenga olmayaptilar. «Kamp Nou»dagi so‘nggi uchrashuv o‘tgan yilning iyulida bo‘lib o‘tgan va 2:2 hisobi qayd etilgandi.