Kun.uz chet davlatlarda ilm olib, muvaffaqiyatga erishib kelayotgan vatandoshlar bilan suhbatlarini davom ettiradi, loyihaning navbatdagi mehmoni tarixchi, o‘qituvchi va tadbirkor Anvar Shermatov bo‘ldi. U Kun.uz muxbiri bilan suhbatda o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurti Ishtixondan Berlinga ketishgacha bo‘lgan sarguzashtlari, Suriya qochqinlariga, bolalarga nemis tilini o‘rgatishi, o‘zi ochgan turizm firmasi faoliyati, Germaniyadagi diniy ta'lim, muhojirlarga o‘rganish majbur qilingan nemis tili, olmon yurtidagi masjidlar faoliyati, shuningdek, vatan sog‘inchi haqida hikoya qildi.

Ishtixon – Samarqand – Berlin. Ilm izlab

Samarqand viloyati Ishtixon tumani Bahrin qishlog‘ida o‘sib ulg‘ayganman. Bizning tumandagi maktablarda chet tili sifatida nemis tili o‘qitilgani mening taqdirimda alohida ahamiyatga ega bo‘lgan. Chunki maktab davrlaridayoq fan olimpiadalarida qatnashib kelganman.

Maktabni bitirishimiz mustaqillikning ilk yillariga to‘g‘ri kelgan. O‘sha vaqtlarda o‘qishga qiziqish juda past hisoblanardi. Buning o‘rniga hamma o‘zini savdoga, olibsotarlikka urardi. Tengdoshlarim orasida ko‘pchiligi o‘zini tirikchilikka urdi.

Menda esa vaziyat boshqacha edi. Biznes bilan shug‘ullanaman desam, yoniga oladigan tanishim yo‘q, lekin oliy ta'limda o‘qish uchun bilimimga ishonardim. Samarqand davlat universiteti nemis filologiyasi yo‘nalishiga o‘qishga kirdim, keyinchalik chet tillar fakulteti alohida institut sifatida tashkil topdi.

O‘qishni tamomlab turli davlat tashkilotlarida: o‘sha vaqtdagi viloyat Ma'naviyat va ma'rifat markazida oddiy xodim, qisqa vaqt «Kamolot» jamg‘armasida viloyat yetakchisiga o‘rinbosar, Samarqand davlat Tibbiyot instituti chet tillar kafedrasida va Samarqand davlat Qishloq xo‘jalik institutining chet tillar kafedrasida nemis tili o‘qituvchisi bo‘lib ishladim. Lekin hadeganda ishim yurishmadi, o‘sha vaqtda oylik maoshga yashash qiyin, kunim hamin qadar o‘tar, hatto yo‘lkiraga pul topolmagan vaqtlarim bo‘lardi.

2000 yil yoz oylari edi, Samarqand davlat Chet tillar institutida birga o‘qigan do‘stlarim nemis filologiyasini bitirganlar Germaniya texnika universiteti nemis tili chet tili sifatida yo‘nalishlariga til imtihonlarisiz qabul qilinadi deb aytib qolishdi. Germaniyaga ketish hazil gap emas, viza olish uchun iqtisodiy kafillik kerak bo‘ladi.

«Kamolot» jamg‘armasining dasturida ham chet elda o‘qiydigan yoshlarni moliyalashtirish degan yo‘nalish borligini bilardim. Hokimiyatda ishlayman deb tentirab yurgan vaqtlarim tanish orttirganim shu yerda qo‘l keldi va tashkilotning kafilligini olishga erishdim. Keyingi bosqich Germaniya elchixonasiga bu kafillik qabul qilinishini tushuntirish bo‘ldi. Ular o‘sha vaqtda faqat «Umid» jamg‘armasinigina tan olardi. «Kamolot» respublika boshqarmasidan ham tasdiqlashgandan keyin rozi bo‘lishgan va shunday qilib Germaniyadagi sarguzashtlarim boshlandi desam ham bo‘ladi.