Moskvada tanishgan bir do‘stim bor, ismi Rajab, millati turkman. Olti yildan oshdi tanishganimizga. Ko‘p vaqt birga ishladik, baraka topsin, juda yaxshi yigit. Uch yil avval bo‘lib o‘tgan bir voqea yodimga tushdi.

2018 yil iyun oylarida edi, bir kuni Rajab telefon qilib qoldi.

– Assalomu alaykum, muallim, yaxshimisiz?

– Va alaykum assalom, do‘stim, yaxshimisiz, sog‘liqlaringiz yaxshimi?

– Yaxshi, rahmat. Bir joydan kattaroq ish oluvdim, brigadaga odam to‘playapman, sizda ham tanish-bilish ko‘p, o‘nta usta kerak. Iloji bo‘lsa, bir yordam qiling.

– Qayerda ish, ishonchlimi? Men sizga ishchi topib bersam, keyin pulini ola olmay qolib, ularning oldida uyalib qolmaymanmi?

– Siz bu tomonidan qo‘rqmang, puli ishonchli. Xohlovchilar bo‘lsa, kunlik beramiz.

O‘sha vaqtlarda ijtimoiy tarmoqda ishtirokchilari asosan musofirlardan tashkil topgan bir guruhda moderator edim.

– Do‘stim, hozir o‘zim shaxsan tanigan, ish so‘ragan odamlar yo‘q. Ma'qul desangiz, guruhga «ishchi kerak», deya e'lon beraman. Raqamingiz va ismingizni yozib qo‘yaman, bu guruhda ish izlaganlar ko‘p. O‘zlari sizga telefon qilishadi, o‘zingiz gaplashib, narx-navosini ham kelishib olaverasiz.

– Xo‘p, shunday qiling, menga ishiga javob beradigan odamlar bo‘lsa bo‘ldi. Mehnat haqini kelishtirib beraman.

Shu gaplardan keyin, guruhga e'lon berdim. Oradan ikki kun o‘tdi. Ishlab turgandim, kimdir to‘xtamasdan telefon qila boshladi.

Qo‘limdagi uskunani yerga qo‘yib, telefonni olsam, ekranida «Rajab do‘st» degan yozuv.

– Allo, assalomu alaykum, do‘stim, tinchlikmi?

– Vaalaykum assalom, muallim, tinchmas-da! Siz yuborgan odamlar kelmadi-ku.

– Tushunmadim, men sizga odam yubordimmi?

– O‘sha kuni siz bilan gaplashganimdan keyin, oradan ikki soatlar o‘tib bir yigit telefon qildi: «Aka, bizlarga raqamingizni Baxtiyor aka berdi, sizni aldamaydigan insofli yigit deb aytdi. Sizda ish bor ekan, Baxtiyor akadan odam kerak deb so‘ragan ekansiz, bizlar yetti kishimiz, ustalarmiz», – deb aytdi.

– Do‘stim, men faqat o‘zingizning telefon raqamingizni guruhga yozganman, ishchi kerak deb e'lon berdim xolos, ammo hech kimni sizga shaxsan yubormadim!