La Liga. «Barselona» «chempion bo‘lishni xohlamadi», Suares «Atletiko» qahramoni

Bir necha tur avval La Liga g‘olibligi uchun asosiy nomzod «Barselona» bo‘lib turgandi. «Granada»ni mag‘lub etsa, Kuman jamoasi yaqqol yetakchiga aylanib olardi. Biroq mavsumdagi eng muhim o‘yinda Messi va jamoasi mag‘lub bo‘ldi. Messi esa baribir gol urdi. Keyin esa «Atletiko»ni yenga olmagan «Barselona» chempionlikdan yanada uzoqlashdi. «Levante» bilan durang o‘ynagach, «Barselona» amalda chempionlik bilan xayrlashdi, lekin baribir nazariy imkoniyat saqlanib qolgandi. 37-turda «Selta»ga yengilgan kataloniyaliklar rasman chempionlik bilan xayrlashdi. Yetakchisi Yago Aspas eng yaxshi davrini o‘tkazgan va aytarli tezligi qolmagan holatda ham «Barselona»ni tor-mor eta oldi. Mavsum davomida jamoa qahramoniga aylangan Ter Stegen ikkita golda ham g‘alati harakat qilib, «Barselona»ni qutqara olmadi.

Oxirgi natijalar go‘yoki «Barselona» chempion bo‘lishni xohlamayotgandek taassurot uyg‘otadi. Mavsum yakunida chempionlik uchun imkoniyatlar yaxshilangan, klub mag‘lubiyatsiz, g‘alabali seriyalar qayd eta boshlagan vaqtda ko‘pchilik Kumanni maqtay boshladi. Biroq oxirgi mag‘lubiyatlar yana Kumanning iste'fosi haqida muhokamalarga sabab bo‘ldi.

«Barselona» muxlislari bu mavsumda bir narsadan xursand bo‘lishlari mumkin. Messi shunday krizis holatida ham yuqori saviyada o‘yin ko‘rsatmoqda. Albadan boshqa aytarli to‘p yetkazib beruvchisi bo‘lmagan «Barselona» safida 30 ta gol urish bu tahsinga sazovor natija. Yetmaganiga «Barselona»ning eng yaxshi assistenti ham Messi – 9 ta assist. Shartnomasiga ko‘ra, oxirgi mavsumida 34 yoshli Messi uchun La Ligada gol+assist bo‘yicha 39 ochko bu – top natija. Messi shu o‘yinda ham rekord qo‘yishga ulgurdi. Argentinalik super yulduz La Ligadagi 300-o‘yinida gol urdi. Ya'ni Messi La Ligadagi xuddi shuncha o‘yinda kamida bitta gol urgan. Bu borada Leo allaqachon yaqqol rekordchiga aylangandi, lekin u birato‘la hisobni to‘g‘rilab qo‘ya qoldi. Taqqoslash uchun Raul 186 ta o‘yinda gol urgan.

«Barselona» shunday holatga kelib qoldiki, Kuman 38-turdan oldin iste'foga chiqarilishi ham mumkin. Mavsum yakunida ketish bilan oxirgi o‘yin oldidan ketishning farqi katta. Mavsum yakunida iste'foga chiqish murabbiyga shunchaki «Eplay olmading», deyish bo‘ladi. 38-turdan avval ketkazish esa murabbiyga jamoani parokanda qilganini aytish bo‘ladi.

Kumanning «Barselona»si «Granada», «Levante» va «Selta»ni yuta olmayotgan vaqtda u haydab yuborgan Suares qahramonga aylanmoqda. Luis «Osasuna»ga qarshi o‘yinda super kambek qayd etgan «Atletiko» safida g‘alaba golini urdi. Bu Suaresning mavsumdagi 20-goli bo‘ldi. Eng dahshatlisi Suares urgan gollarining 10 tasi g‘alaba goli bo‘lgan. Bu mavsumning bir qismini o‘tkazib yuborgan va Kumanga kerak bo‘lmagan hujumchi uchun super natija.