O‘zbekiston | 13:25 / 18.05.2021
84178
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahri hokimi o‘rinbosari Toshkent viloyatidagi mahalla raisini urdi va haqoratladi

Toshkent shahri hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi «Usta Normat» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Alisher Ikromovni turli nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlab, unga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar yuzasidan o‘rganish olib borib, bu ma'lumotni tasdiqladi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati mas'ul xodimlari hamda Toshkent viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi rahbariyati voqeaga aniqlik kiritish maqsadida Alisher Ikromov bilan bog‘lanib, holat bo‘yicha dastlabki ma'lumotlarni olgan. Ma'lum bo‘lishicha, Baxtiyor Rahmonov mahalla raisini uning xizmat vazifasiga aloqador bo‘lmagan boshqa masala bajarilmagani bo‘yicha «jazolagan».

«A.Ikromovtomonidan berilgan ma'lumotga ko‘ra, joriy yilning 9 may kuni u «Usta Normat» mahallasi Dehqonobod ko‘chasida joylashgan, B.Rahmonovning ota uyiga chaqirtiriladi. U bu yerda o‘zining xizmat vazifasiga aloqador bo‘lmagan, umuman boshqa bir masalaning bajarilmaganligi bo‘yicha B.Rahmonov tomonidan turli nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlanadi, hatto unga nisbatan jismoniy kuch ishlatiladi», deyiladi vazirlik xabarida.

Ayni vaqtda mazkur holat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri nazoratiga olingan hamda vazirlik ishchi guruhi tomonidan voqea tafsilotlari batafsil o‘rganilmoqda.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi ishchi guruh xulosasi asosida A.Ikromovning, umuman, mahalla tizimidagi barcha xodimlarning huquqiy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan hamda o‘z vakolati doirasidagi barcha choralarni amalga oshirishini ma'lum qilgan.

Ma'lumot uchun, 2013 yil 22 aprelda yangi tahrirda qabul qilingan, «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga ko‘ra, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatiga davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi O‘zbekiston prezidentining 2020 yil 18 fevraldagi PF-5938-sonli Farmoniga asosan, fuqarolar yig‘inlari xodimlarini ularning vazifa va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilish va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning faoliyatiga asossiz aralashish, taalluqli bo‘lmagan vazifalarni yuklash talablarini buzganligi uchun davlat organlari va tashkilotlari mas'ul va mansabdor shaxslarini egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan jazo choralarini qo‘llash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga o‘rnatilgan tartibda taklif kiritib borish huquqiga ega hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Baxtiyor Rahmonov 2021 yil yanvarida Toshkent viloyati hokimligiga o‘tkazilgan Davron Hidoyatov o‘rniga Toshkent shahri hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

U muqaddam Toshkent shahri hokimining kapital qurilish masalasi bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘lgan, keyinroq Mirobod va Sergeli tumanlarida hokim lavozimlarida ishlagan, 2018 yil mayidan Olmazor tumaniga rahbarlik qilgandi.

Mavzuga oid