Zidan charchadi, Zidan ketadi
«Real» 19 daqiqayu 27 soniya davomida Ispaniya chempionati yetakchisi bo‘lib turdi. Qaymoqranglilar himoyachisi Nachoning Bilbaodagi o‘yinda «Atletik» darvozasiga urgan goli va Luis Suaresning «Osasuna» darvozasiga urgan g‘alaba goli orasidagi muddat aynan shuncha bo‘ldi. Urugvaylik hujumchining hissiyotlari haddan ortiq edi, o‘tgan yil yozida «Barselona»dan quvilgan forvard amalda oltin gol urgan va «matraschilar»ga sovrin olib bergan bo‘lishi ham mumkin.
Chempionlik masalasi so‘nggi turda hal bo‘ladi, lekin Madridda hozirdan «Real»ning, aniqroq aytganda Zinedin Zidanning kelajagini muhokama qilishmoqda. Juda ko‘pchilik fransuz mutaxassis mavsum yakunida klub bosh murabbiyligini tark etishiga shubha qilmayapti.
Zizuning ketishi haqida birinchilardan bo‘lib Goal.com saytining fransuzcha versiyasi yozdi. Keyinroq bu ma'lumot OndaCero jurnalisti Fernando Burgos tomonidan ham berildi, uning tasdiqlashicha, murabbiy ketishi haqida barcha futbolchilarni xabardor qilgan. Yakshanbaga o‘tar kechasi bu xabarni Madriddagi Marca nashri ham tasdiqladi — unga ko‘ra, Zidanning ketishi haqida so‘nggi turda «Vilyarreal»ga qarshi o‘yindan keyin rasman e'lon qilinadi.
Bundan tashqari, ayrim tafsilotlarni ham keltirgan. Zidan o‘z qarori haqida 8 may kuni — «Sevilya»ga qarshi o‘yin (2:2) arafasida o‘tkazilgan mashg‘ulotlardan keyin ma'lum qilgan. Shu tufayli u hatto o‘yinoldi matbuot anjumaniga biroz kechikib kelgan. Marca nashri ma'lumotiga ko‘ra, Zizuning qarori qat'iy va qayta ko‘rib chiqilmaydi. Manba ma'lumotiga ko‘ra, fransuz uning «Real»dagi davri poyoniga yetgan deb hisoblamoqda.
U «Atletik»ka qarshi o‘yindan oldin jurnalistlar bilan muloqotda bu ma'lumotlarni tasdiqlagandek edi: «Nima bo‘lishini men bilmayman. Bizda chempionatning yana ikki o‘yini qoldi va bizning bor e'tiborimiz shu o‘yinlarga qaratilgan. Men faqat o‘z ishim haqida o‘ylayapman. Ammo o‘zgarishlar qilish kerak bo‘ladigan vaqtlar bo‘ladi, chunki shunday bo‘lishi ko‘pchilik uchun yaxshi bo‘ladi. Qolishing kerak bo‘lgan vaqtlar va hammaga yaxshi bo‘lishi uchun ketishing kerak bo‘lgan vaqtlar bor».
Ammo Bilbaodagi o‘yindan keyin Zidanning ritorikasi boshqacha edi: «Qanday qilib hozir futbolchilarimga ketayotganimni aytishim mumkin? Sovrin uchun kurashyapmiz va men «ketaman» deb aytamanmi? Siz istagan narsangizni yozishingiz mumkin, ammo men hech qachon bunday qilmayman. Mavsum yakunlangach, bu masalani o‘ylab ko‘rish mumkin. Ammo men hozir faqat «Vilyarreal»ga qarshi o‘yin haqida o‘ylamoqdaman. Eng muhimi – oxirgi turdagi bahs».
Shu bilan birga, Zidan bu intervyusi bilan faqat jamoa futbolchilariga qarori haqida aytganini rad etgan, ammo u «Real»dan ketishga qaror qilgani haqidagi xabarni rad etmagan.
















