Jahon | 11:35 / 20.05.2021
11272
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Turkiyadagi «Formula-1» bosqichi va Chempionlar ligasi finali bekor qilinganini siyosat bilan bog‘ladi

 Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Turkiyada o‘tishi kerak bo‘lgan «Formula-1» avtopoygalari bosqichi va Chempionlar ligasi finali bekor qilinishini siyosiy qaror deb atadi.

Foto: Global Look Press/Depo Photos

«Men UYeFA bo‘yicha ham, «Formula-1» bo‘yicha ham siyosiy qarorlar qabul qilindi, deb hisoblayman. 1-2 yil avval ular Chempionlar ligasi finali Turkiyada o‘tishini ma'lum qilishgandi. Biroq ikkita ingliz jamoasi finalda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgandan keyin yo‘nalish o‘zgardi», deb aytgan Erdo‘g‘an yoshlar vakillari bilan uchrashuvda.

 11 may kuni UYeFA Chempionlar ligasining Istanbulda o‘tishi kerak bo‘lgan final uchrashuvini Portuga ko‘chirgani ma'lum bo‘lgan. UYeFA prezidenti Aleksander Cheferin Istanbuldagi finalning ko‘chirilishiga asosiy sabablardan biri Turkiyada koronavirus yuqori sur'atlarda tarqalayotgani hisoblanishini aytgan.

Turkiyada o‘tishi kerak bo‘lgan «Formula-1» bosqichining bekor qilingani 14 may kuni ma'lum bo‘lgan. Ushbu bosqich avtopoygalar jadvaliga Kanadadagi bosqich tashkilotchilari poygani tomoshabinlarsiz qabul qilishdan bosh tortgandan keyin kiritilgandi.

Turkiyadagi bosqichning bekor qilinishi ham epidemiologik vaziyat bilan asoslangan.

«O‘tgan yil «Formula-1»ni juda muvaffaqiyatli o‘tkazdik, barcha ishtirokchilar bizga bu haqda aytishgandi. Joriy yilda dastlab hammasi jadval bo‘yicha o‘tishini aytishdi, keyin to‘satdan o‘z qarorlarini o‘zgartirib, bosqichni boshqa joyga (Avstriyaga) ko‘chirishdi», deb ta'kidlab o‘tgan Turkiya rahbari.

Poygalarning Turkiyadagi bosqichi 11–13 iyun kunlari o‘tishi kerak edi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid