Kun.uz muxbiri bilan suhbatda shu uyda yashashini ma'lum qilgan Komil Rahimov 3 yildirki ushbu holatga hech kim e'tibor qaratmayotganini aytdi.

«O‘zi normativ loyihalarga binoan bu tipdagi ko‘p qavatli uylar uchun kanalizatsiya tarmog‘i ulangan tozalash inshooti (ochistnoye soorujyeniye) barpo etilishi kerak. Biroq, quruvchi uning o‘rniga kichkina quduq qurgan. Quduq har uch kunda to‘lib qolaveradi. Oqibatda oqova suvlar uylar oldidagi bolalar maydonchasiga ham toshib chiqmoqda. Bunday antisanitariya holatida bolalar biror kasallik orttirishi hech gap emas.

Komil Rahimov

Mas'ullar yo pulimizni qaytarishsin, yoki bo‘lmasam kanalizatsiyani o‘nglash bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatsin. Quruvchi to‘g‘rilab bersin. Kichik quduqdan suv uylarning yerto‘lalariga ham sizmoqda. Sassig‘iga chidab bo‘lmaydi. Ko‘p qavatli uy cho‘kishi ham hech gap emas», — deydi Tutzor mahallasi turg‘uni Komil Rahimov.

Ma'lum bo‘lishicha, ko‘p qavatli uylar «Mironshoh» shirkatiga tegishli bo‘lib, kloxonaga ayni paytda Toshkan Tog‘ayev raislik qilmoqda. Aholi ko‘p qavatli uydagi kamchiliklar tufayli shirkatga pul to‘lamay qo‘ygan. Mas'ullar ham e'tibor qaratmayapti.

Toshkan Tog‘ayev, «Mironshoh» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati raisi

«Kanalizatsiya ko‘ngildagiday emasligi natijasida aholi jabr ko‘rmoqda. Bir necha bor mutasaddi rahbarlarga murojaat qilganmiz, lekin natija yo‘q. Motor bilan vaqtincha tozalab turibmiz. Motor ishlamay qolganida kuniga 5-6 mashina axlatni har birini 70-80 ming so‘mdan naqd to‘lab chiqarmoqdamiz. Lekin ertasiga yana to‘lgan bo‘ladi», — deydi «Mironshoh» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati raisi Toshkan Tog‘ayev.