O‘zbekiston | 13:45 / 22.05.2021
29230
4 daqiqa o‘qiladi

Yozgi semestr shu yildan boshlanadi, u talabalarga qiyinchilik emas, qo‘shimcha imkoniyat - yangi tartib haqida batafsil

Yozgi semestrda o‘qish uchun shu yildan kredit-modul tizimiga o‘tgan OTMlarning shu tizimda o‘qiyotgan talabalari ariza berishi mumkin. Bunda talaba faqat o‘zi qarzdor bo‘lgan fanlarni o‘qiydi va o‘sha kreditlarni yig‘ish uchun mos kontrakt puli to‘laydi. Buning bilan talabaning kursdan kursga qolmasligi va oldingidek bir semestr uchun emas, faqat o‘qiyotgan soatlari uchun pul to‘lashi imkoni bo‘ladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov Xpress.uz’ga bergan intervyusida yangi tartib – yozgi semestr haqida ma'lumot berdi.

“Yozgi semestr haqidagi yangilik turlicha talqin qilindi. “Yana qo‘shimcha pul to‘lash kerak bo‘larkan”, “Talabaga qiyin bo‘ladi”, degan gap-so‘zlar paydo bo‘ldi. Yo‘q, bu – talabaga imkoniyat.

Yozgi semestr, ya'ni 3-semestr majburiy bo‘lmaydi va u faqat kredit-modul tizimiga o‘tgan OTMlarning shu tizimda o‘qiyotgan talabalari uchun joriy etiladi”, dedi Abduvali Xoliqov.

Vazirlik rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, bu imkoniyatni tanlagan talaba ham vaqt, ham mablag‘ jihatdan yutadi.

“Masalan, 2-kursni tugatgan talaba 5ta fandan 5 kreditdan jami 25 kredit qarzdor bo‘ldi. Ya'ni, u shu kursdagi 60 kreditdan 25tasini yig‘a olmadi. Talaba shunday vaziyatda kursdan qolib, o‘zidan quyi kursdagi talabalar bilan o‘qiydi va amaldagi tartib bo‘yicha qancha kredit qarzdor bo‘lishiga qaramay, semestrning to‘liq kontrakt pulini to‘laydi. Masalan, bir o‘quv yili 8 mln so‘m bo‘lsa, 1 semestr qayta o‘qishi uchun 4 mln so‘m to‘laydi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Yozgi semestrni esa talaba qarzdor bo‘lgan kreditlari uchun kursdan qolmaslik maqsadida tanlashi mumkin. Bunda agar bir yillik shartnoma puli 8 mln so‘m bo‘lsa, uni 60ga bo‘lamiz: 1 kreditga o‘rtacha 120-130 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi va talaba 10 kredit uchun 1 mln 300 ming so‘m to‘laydi, uning uchun OTM yozgi semestrda professor-o‘qituvchini soatbay asosida jalb qiladi, sababi, bu paytda professor o‘qituvchi ta'tilda bo‘ladi”, deya ma'lumot berdi Abduvali Xoliqov.

Uning qayd etishicha, talaba ariza berishi bilanoq yozgi semestr tashkil etilavermaydi. Sababi ikkinchi tomon, ya'ni o‘qituvchi ham ta'til payti kelib, shu talaba uchun soatbay ishlashga rozi bo‘lishi kerak.

“Yozgi semestr talabaga yozda o‘zi qarzdor bo‘lgan fanlarni o‘qib-o‘zlashtirib, yangi o‘quv yiliga qarzsiz o‘tish imkoniyatini beryapti. Bundan tashqari, agar talaba kursdan qoladigan bo‘lsa ham, to‘laydigan kontrakt puli qisqaryapti. Bu esa iqtisodiy tomondan ham imkoniyat.

Yozgi semestr amaldagi me'yoriy hujjatlarda belgilab qo‘yildi. Hozir kredit-modul tizimida o‘qiyotgan birinchi kurs talabalari mana shu o‘quv yili tugaganidan so‘ng o‘zlari qarzdor bo‘lgan fanlarni shu tarzda o‘zlashtirish uchun OTMga murojaat qilishi mumkin”, dedi Abduvali Xoliqov.

Shuningdek, Abduvali Xoliqov bu yilgi qabulda magistratura uchun bakalavrga mos bo‘lmagan yo‘nalishga hujjat topshirish imkoni berilmasligini ham ma'lum qildi.

Mavzuga oid