Ispaniya chempionati. Liga 1. 38-tur
«Valyadolid» — «Atletiko» — 1:2 (1:0)
Gollar: Oskar Plano, 18 (1:0). Korrea, 57 (1:1). Suares, 67 (1:2).
«Valyadolid»: Masip, Kiko Olivas, Olasa, Yanko (E.Peres, 82), Al-Yamiq, Mesa (Michel, 62), San Emeterio (Ervias, 82), Oskar Plano, Vilya (Gvardiola, 62), Vayssman, Markos Andre (Joau Filipe, 62).
«Atletiko»: Oblak, Tripper, Felipe, Ximenes, Ermoso (Lodi, 63), Koke, Saul (Joau Felish, 63), Lorente (Kondogbiya, 79), Suares, Ferreyra-Karrasko, Korrea (Errera, 85).
Ogohlantirishlar: Markos Andre, 55. El-Yamik, 70. Michel, 74. Joau Feliks, 78. San Emeterio, 78. Felipe, 83. Lodi, 87.
Hakam: Sanches Martines.
22 may. Valyadolid. «Xose Sorrilya» stadioni.
Ispaniyada o‘tgan mavsum shosha-pisha yakunlab qo‘yilgan vaqtda juda ko‘pchilik yangi mavsumda yetakchi klublar qanday holatda bo‘lishini, chempionat chinakamiga omon qolish uchun poygaga aylanishini tasavvur qila olmasdi. Pandemiya tufayli yangi mavsum odatdagidan ancha kech boshlandi va bu taqvim tig‘iz bo‘lishini talab etardi, yevrokubok o‘yinlarida esa turlar orasida avval bo‘lgani kabi ikki haftalik tanaffus yo‘q edi, terma jamoalar bir hafta ichida uchtadan o‘yin o‘tkazishdi.
Shunday ekan, Ispaniyaning yangi chempioni — xuddi Leonardo Di Kaprioga ilk «Oskar» keltirgan «Omon qolgan» filmi qahramoni kabidir. Bu estremal sharoitlarda kamroq yo‘qotishlarga yo‘l qo‘ygan, bardoshli jamoa bo‘ldi. «Barselona» mojarolar botqog‘idan chiqishga va Ronald Kuman futboliga moslashishda davom etayotgan, «Real» esa o‘tgan mavsum chempionligidan sarmast holatda yangi mavsum uchun ishtiyoq topa olmayotgan paytda «Atletiko» ancha ilgarilab ketdi va bu Diyego Simeonening yetti yil oldingi triumfini ham eslatib yuborardi.
O‘shanda ham «matraschilar» raqiblaridagi inqirozli holatdan foydalanib qolgani haqida gapirishgandi. Ammo bu safar barcha bir xil sharoitda edi, garchi Zinedin Zidan o‘nlab jarohatlarni bahona qilishi mumkin bo‘lsa-da, «Atletiko»da ham muammolar bor edi.
Turli sabablar tufayli chiziqlarda futbolchilar yetishmasligi tufayli Simeone majburan uch markaziy himoyachilik sxemada o‘ynadi. Unda o‘ng qanotga tushirish uchun futbolchi qolmagan vaqtlar ham bo‘ldi va o‘yin natijalari uchun pul tikib, qoidalarni buzgani tufayli uzoq muddatga chetlatilgan Kiran Tripperning diskvalifikatsiyasi bekor qilingach, murabbiy yengil tin oldi. Simeone hujumchisiz qolgan vaqtlar bo‘ldi, ammo u Anxel Korreani hujum markaziga yubordi va bu futbolchi faoliyatidagi eng yaxshi mavsumni o‘tkazdi.










