O‘zbekiston | 16:37 / 24.05.2021
2078
3 daqiqa o‘qiladi

«Chala» kanalizatsiya tozalandi, lekin tizimga ulanmadi yoxud prokuratura ushbu holatga nima deydi?

Qashqadaryo viloyat «Suvta'minot» korxonasi axborot xizmati Kun.uz'da e'lon qilingan «Shahrisabzda 2015 yilda qurilgan ko‘p qavatli uy hamon kanalizatsiyaga ulanmagan» sarlavhali maqolaga munosabat bildirdi.

«Qashqadaryo suv ta'minoti» MChJning Shahrisabz shahar bo‘limi ishchi guruhi tomonidan joyida o‘rganish olib borilgan. O‘rganish natijalariga ko‘ra, yuqorida aytib o‘tilgan uylardan chiquvchi  kanalizatsiya tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish tarmoqlari «Qashqadaryo suv ta'minoti» MChJning Shahrisabz shahar suv ta'minoti bo‘limi balansiga o‘tkazilmaganligi va qurilish ishlari, qurilish tashkiloti tomonidan oxiriga yetkazilmaganligi aniqlangan.
 
Ushbu yuqoridagi holatlarga qaramasdan, Shahrisabz shahar suv ta'minoti  bo‘limi ishchi guruhi, «Tutzor» MFY, Ipak yo‘li ko‘chasidagi 302-304 ko‘p qavatli uylarning yonida o‘rnatilgan KNS inshootidagi nasos agregatida nosoz holatga kelib qolgan elektr qurilmalari va boshqaruv qurilmasidagi avtomat (puskatellar) yangisiga almashtirdi, nasos agregati avtokran yordamida ko‘tarilib, so‘ruvchi filtr qismiga tiqilgan chiqindilardan tozalash ishlari bajarilgan. Natijada, kanalizatsiya tarmog‘ida yuzaga kelayotgan nosozlikka vaqtincha barham berilgan.

Ushbu maqolaga Qashqadaryo viloyat Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi axborot xizmati ham munosabat bildirdi. Munosabatida 28 aprel kuni muammo bartaraf etilgan, bugunga kelib faqat tekshiruv o‘tkazilgani qayd etilgan.

Yuqoridagi maqola yuzasidan ayrim savollarga javob berilmagan:

Qurilish ishi to‘la yakunlanmagan ko‘p qavatli uylar nega va kim tomonidan qabul qilingan?
Quruvchi kamchilikka yo‘l qo‘ygani va aholini aldagani uchun prokuratura organlari jinoyat ishi ochganmi yoki yo‘q?
Ko‘p qavatli uylarni kanalizatsiyasi qachon to‘liq yakunlanadi?
Ushbu muammo hal etilishi uchun aholi yana davlat dasturini kutadimi? Nega bir ish uchun ikki marta to‘lash kerak?

P/S: Ushbu muammoni nafaqat «Suvta'minot» korxonasi, balki tegishliligiga ko‘ra, hokimlik, prokuratura organlari ham o‘rganishi maqsadga muvofiq. Zero, aybdor qonun oldida javob berishi kerak.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid