Jahon | 09:29 / 25.05.2021
6411
2 daqiqa o‘qiladi

Malida vaqtinchalik prezident va bosh vazir harbiylar tomonidan hibsga olindi 

Malida harbiylar prezident vazifasini bajarayotgan Ba Ndao, bosh vazir Muxtor Uan va yangi mudofaa vaziri Sulaymon Dukurni hibsga olishdi. Ular 24 may kuni poytaxt Bamako yaqinidagi Kati harbiy bazasiga yetkazilgan, deb xabar bermoqda Associated Press axborot agentligi.

Mali rahbariyatining hibsga olinishi prezident Ndao o‘tish davri hukumati 14 may kuni iste'foga chiqqanidan keyin yangi hukumat tarkibi haqidagi farmonni imzolagandan bir necha soat o‘tib yuz bergan. Hukumatning yangi tarkibiga avvalgi hukumatdan ichki ishlar vaziri Modibo Kone va mudofaa vaziri Sadio Kamara kiritilmagan. Buning biror sababi keltirilmagan, biroq ta'kidlanishicha, bu o‘tish hukumati ichidagi siyosiy ziddiyat kuchayganidan darak beradi. Prezident va bosh vazirning hibsga olinishi harbiylarning hukumat yangi tarkibiga munosabati bo‘lishi mumkin.  

AQShning Malidagi elchixonasi «Bamakoda harbiylar faollashgani» haqida xabar olganini ma'lum qilgan va o‘z fuqarolarini ogoh bo‘lishga chaqirgan.

BMT, Afrika ittifoqi, G‘arbiy Afrika davlatlari iqtisodiy hamjamiyati (ECOWAS), AQSh, Germaniya va Britaniyaning qo‘shma bayonotida Malida hibsga olingan siyosatchilar darhol ozod qilinishi talab qilingan. Bayonotda mamlakatda yuz bergan hodisalar hokimiyatni kuch bilan egallab olishga urinish deb atalgan.

ECOWAS delegatsiyasi Maliga 25 may kuni kelishini e'lon qildi. BMT missiyasi Malida o‘tish davrini tiklash uchun ECOWAS bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan.

Malida 2020 yil sentyabrda harbiy to‘ntaruv amalga oshirilib, prezident Ibrohim Bubakar Keyta va bosh vazir Bubu Sisse iste'foga ketgandan keyin o‘tish hukumati shakllantirilgandi. O‘tish davri 1,5 yil davom etishi, uning natijalariga ko‘ra, 2022 yil fevralda saylovlar bo‘lib o‘tishi kerak edi.

Mavzuga oid