Sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan ikkinchi o‘qishda taklif etilayotgan ushbu qonun loyihasiga ko‘ra, o‘z a'zosini (organini) berishni istagan tirik donor bemorning yaqini yoki qarindoshi bo‘lishi talab etilmaydi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyevning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, mazkur norma deputatlar o‘rtasida keskin bahs-munozaralar keltirib chiqargan. Bir tomon bu modda sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirishini aytgan bo‘lsa, ikkinchi tomon esa bunday erkinlik berilishi natijasida inson tana a'zolari oldi-sotdisi avj olib ketishidan xavotirda.
Inson a'zolari donorligi va ularni ko‘chirib o‘tkazishni erkinlashtirish qanchalik to‘g‘ri?
Bugungi kunda transplantatsiya amaliyotlari hukumat qarori bilan tasdiqlangan «Qarindoshlar orasida buyrak va (yoki) jigar bo‘lagini transplantatsiya qilish tartibi haqida»gi vaqtinchalik nizom asosida o‘tkaziladi. Hujjatda tirik qarindosh donorlar – qonunchilik asosida, o‘zaro birinchi, ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi darajada qarindosh shaxslar o‘rtasida bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
Ma'lumotlarga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekistonda 3 mingga yaqin buyrak donor kutayotganlar bor.
Deputat Doniyor G‘aniyevning aytishicha, yangi kiritilayotgan normadan mamlakatda organ transplantatsiyasi uchun donorlar kutayotgan bemorlarga yordam berish, tibbiyotda transplantologiya sohasini rivojlantirish kabi ijobiy maqsad ko‘zlangan bo‘lsa-da, qonunga bu normani kiritish xato hisoblanadi.
«Chunki odatda aqli-hushi joyida, sog‘lom inson tirikligida o‘z organlarini ikki sababga ko‘ra berishga rozi bo‘lishi mumkin. Birinchisi, bu muhabbat. Ya'ni inson dard chekayotgan bemor yaqiniga unga bo‘lgan muhabbati, mehridan o‘z organini berishga rozi bo‘lishi mumkin. Ikkinchi sababi esa tabiiyki, bu pul, moddiy manfaat. Albatta, uchinchi sabab ham bo‘lishi mumkin. Shunchaki hech qanday manfaatsiz, tanimagan odamiga kimdir o‘z organini berishi mumkin, lekin bu bizning jamiyat uchun deyarli istisno holat, deb o‘ylayman.
Shundan kelib chiqib, agar qonun bilan tirik donorlar tushunchasida barcha shaxslarning (bemorga aloqasi bo‘lmagan) donor bo‘lishi mumkinligi belgilansa, qo‘rqamanki, aholi daromadi ancha past, ishsizlik darajasi yuqori va to‘y-hasham, orzu-havas yo‘lida hamma narsaga tayyor bizning jamiyatda bu ijtimoiy qiynalgan aholi qatlami tomonidan organlarni sotish holatlari, shu jumladan, organ sotish bilan bog‘liq (asosan buyrak) jinoyat ishlari ortishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Garchi, qonun bilan inson a'zolarining oldi-sotdisi taqiqlanayotgan bo‘lsa-da, lekin bu amaliyotda noqonuniy «buyrak bozori» paydo bo‘lmasligini kafolatlamaydi», deydi deputat.















