08:40 / 26.05.2021
1821

O‘zbekiston tumanilik sportchi Ziyoda Isoqova Tokio-2020 yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi

Oltin medalni qo‘lga kiritgan Ziyoda Isoqova Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etadigan bo‘ldi.

Ayni kunlarda Iordaniyaning Amman shahrida para taekvondo bo‘yicha Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri litsenziya beruvchi Osiyo musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda.

Ayollar o‘rtasida -49 kg vazn toifasida bahslarda ishtirok etgan O‘zbekiston tumanilik Ziyoda Isoqova oltin medalga sazovor bo‘ldi hamda Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri litsenziyani qo‘lga kiritdi.

Ayni damgacha O‘zbekiston Paralimpiya terma jamoasi sportchilari Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga 29 ta litsenziyani qo‘lga kiritishgan.

Ma'lumot o‘rnida, Osiyo va jahon chempionatlari sovrindori Ziyoda Isoqova O‘zbekiston tumanining Qulibek qishlog‘ida istiqomat qiladi. O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi. Uning birinchi ustozi, O‘zbekiston tumanidan ko‘plab taekvondochilarni yetishtirib chiqqan va hozirda ham 150 ga yaqin yoshlarni sportning ushbu turi bilan shug‘ullantirayotgan Ozodbek Hasanovdir.

Avvalroq furqatlik sportchi qiz yoshlar o‘rtasida o‘tgan jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritgani haqida xabar qilingan edi.

Top