09:05 / 26.05.2021
3558

O‘zbekiston va Afg‘oniston imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim loyihasini joriy yil oxirigacha imzolaydi

25 may kuni Termiz shahrida Afg‘oniston hukumati va ishbilarmon doiralarining O‘zbekistonga tashrifi davomida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Afg‘oniston prezidenti administratsiyasi rahbari Muhammad Shokir Korgar bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Kun tartibining asosiy mavzusi “Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor” temir yo‘lini qurish loyihasi hamda uni ro‘yobga chiqarishning amaliy jihatlari bo‘ldi. Tomonlar dala tadqiqotlarini o‘tkazish, loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, loyihani moliyalashtirish masalalarini muhokama etib, ularning har biri bo‘yicha o‘zaro maqbul yechimlarni ishlab chiqdi. Joriy yil fevral oyida Toshkent shahrida yuqori darajadagi uch tomonlama ishchi guruh yig‘ilishi chog‘ida erishilgan kelishuvlar ijrosini tezlashtirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar belgilandi.

Tomonlar aprel-may oylarida Afg‘oniston hududi orqali Pokistondan O‘zbekistonga va teskari yo‘nalishda amalga oshirilgan pilot avtomobil qatnovi muvaffaqiyatini olqishladi. Ular ikki mamlakat transport va tranzit salohiyatini yanada rivojlantirish uchun ushbu yo‘nalishda hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

Sanoat kooperatsiyani rivojlantirishga urg‘u bergan holda ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish borasidagi ishlarni jadallashtirishning dolzarbligi alohida ta'kidlandi. Bu borada yengil sanoat, elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, charm-poyabzal va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish sanoati eng istiqbolli yo‘nalishlar deb topildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama etildi. O‘tgan to‘rt yil mobaynida o‘zaro savdo hajmi bir yarim barobarga ko‘payib, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra qariyb 800 mln dollarni tashkil etgani ta'kidlandi. Tomonlar O‘zbekiston-Afg‘oniston savdo aylanmasi yaqin yillarda 2 milliard dollar darajasiga o‘sishini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni birgalikda amalga oshirishga tayyorligini tasdiqladi. Savdo hamkorligini faollashtirish uchun ikki mamlakat tegishli vazirlik va idoralari O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim loyihasini joriy yil oxirigacha imzolash maqsadida uni kelishishni tezlashtirishga qaror qildi.

Energetika sohasidagi hamkorlik, xususan, “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasini qurish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar zarur loyiha hujjatlarini tayyorlash bo‘yicha amaliy kooperatsiya qilish yo‘llarini muhokama qildilar va qurilish ishlarini boshlash bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni belgiladilar.

Sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollariga ham to‘xtalib o‘tildi. Tomonlar ikkala mamlakat mahalliy aholiga keng ko‘lamli tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida ikkala davlat chegara hududlarida yuqori texnologik uskunalar va zarur dori-darmonlar bilan jihozlangan zamonaviy tibbiyot markazlarini tashkil etishga o‘zaro qiziqish bildirdi.

Joriy yil sentyabr oyida Kobul shahrida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish istiqbollari muhokama qilindi.

Top