Hujjatga ko‘ra, davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan aholidan, shu jumladan tadbirkorlik sub'yektlaridan:

a) quyidagi faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni:

  • ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
  • narkologiya bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
  • sudlanganlik;
  • manzil-ma'lumot axboroti;
  • fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy mavjud yoki mavjud emasligi;
  • turar joyning maydoni;
  • soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi;
  • soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarning davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yilganligi;
  • pensiya va nafaqa miqdori;
  • pensiya va nafaqa oluvchilar ro‘yxatida mavjud yoki mavjud emasligi;
  • nikoh qayd etilganligi, nikohda turmasligi yoki nikohdan ajralganligi;

b) quyidagi hujjatlarni:

  • shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi;
  • shaxsning belgilangan shakldagi fotosurati;
  • tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining ma'lumotnomalari;
  • mehnat daftarchalari va ularning nusxalari (fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida ushbu hujjatni «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali olish imkoniyati mavjud bo‘lmagan hollarda so‘rash bundan mustasno);
  • ish haqi va ish stajini, oliy va o‘rta maxsus ta'lim muassasasida o‘qiganlikni tasdiqlovchi arxiv ma'lumotnomalari (fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida ushbu hujjatni «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali olish imkoniyati mavjud bo‘lmagan hollarda so‘rash bundan mustasno);
  • kadastr hujjatlari va ularning nusxalarini talab qilish bekor qilinadi.

Bunda, davlat organlari va tashkilotlari jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda, ishga qabul qilish jarayonida va boshqa ma'muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda mazkur bandda nazarda tutilgan hujjat va ma'lumotlarni mas'ul davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan «Elektron hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab oladi.