1921 yil Oklahomadagi umumiy muhit qanday edi?

1921 yil Oklahoma shtatida irqiy, ijtimoiy va siyosiy jihatdan keskin atmosfera hukm surardi. Birinchi jahon urushidan keyin ko‘plab askarlar qaytib kelgandi. Garchi 1865 yilda tugagan bo‘lsa-da, Amerika fuqarolar urushi hamon odamlar ongida yangi bir xotira sifatida saqlanib turgandi. Imkonlaridan mahrum etilgan insonlar esa fuqarolik huquqlaridan ham mosuvo edi. Boz ustiga, «Ku-Kluks-Klan» qayta tiklangandi.

Rivojlangan neft shahri Tulsada oliy ma'lumotli afroamerikaliklar iqtisodiy jihatdan farovon yashardi. Ushbu elementlarning birlashuvi keyinchalik sodir bo‘luvchi keskinlikning avj olishida muhim rol o‘ynadi.

Shimoliy Oklahoma aksariyati sobiq qullar bo‘lgan tub aholi vakillarini janubi-sharqdan ko‘chirish uchun tashkil etilgandi. Oklahoma 1907 yil 16 noyabrda shtatga aylangach, yangi shtatning qonun chiqaruvchi organi Jim Krou qonunlari deb nomlanuvchi irqiy ayrim to‘g‘risidagi qonunlarni birinchi bo‘lib qabul qiladi.

«Hanuz tutun hidini his qilyapman»

Tulsa qirg‘inidan omon qolgan so‘nggi guvohlardan biri Viola Fletcher bugun 107 yoshda.

Fletcher AQSh Kongressidagi chiqishida oradan 100 yil o‘tgan bo‘lsa ham boshidan kechirganlarini hamon unuta olmasligini ta'kidladi. «Hanuz tutun hidini his qilyapman. Men adolat istayman... Tulsada 1921 yilda sodir bo‘lgan voqeani mamlakatim qabul qilishini istayman», dedi u.

Kamida 300 nafar afroamerikalik o‘ldirilgan va minglab qora tanlilarning uylari va ish joylari yoqib yuborilgan ushbu voqealar 1921 yil 31 mayda boshlangan.

Voqealar rivoji

Uchqun olov olishiga sabab bo‘lgan voqea, aslida, yolg‘onga asoslangan bir mish-mish edi. O‘shanda shaharda qora tanli yigit liftda bir oq tanli qizga tegajog‘lik qilgani haqidagi gap-so‘zlar aylana boshlaydi.

Ayblanuvchi yigit Dik Roulend hibsga olinadi, sud binosi oldida shaharning oq tanli aholisi linch sudi o‘tkazish uchun to‘planib, sherifdan uni topshirishni talab qilishadi. Yigitni himoya qilish uchun 70 nafar atrofidagi afroamerikaliklar qurol ko‘tarib kelishadi. Lekin son jihatdan ko‘p bo‘lgan oq tanlilar qurolli to‘qnashuvda ustun kelishadi.