15:30 / 03.06.2021
14383

O‘zbekistonda erta tug‘uruq holatlarining qariyb yarmi ikki viloyatda qayd etildi

2020 yilda 1044 ta erta tug‘uruq holati qayd etilgan. Erta tug‘uruqlarning 43,1 foizi Samarqand va Qashqadaryo viloyatlariga to‘g‘ri keldi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti direktor o‘rinbosari Hamid Abdurahmonov ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlarida 2020 yilda 88 ta erta nikoh holati qayd etilgani aks etgan. Tahlillar o‘tgan yilga nisbatan erta nikohlar sonining 97,0 foizga kamayganini ko‘rsatgan.

Buning asosiy sabablaridan biri 2019 yil 1 sentyabrdan erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshi tenglashtirilgani, Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish bo‘limlari tomonidan faqat tuman, shahar hokimi tomonidan nikoh yoshini 1 yilga kamaytirishga ruxsat berilgan nikohlar qayd etilishi bilan izohlanadi. 

“Lekin amaliyot aksariyat holatlarda erta nikoh yashirin tusga egaligini ko‘rsatishini unutmasligimiz darkor. Tahlillar erta nikoh holatlari asosan Urgut, Samarqand, Past Darg‘om, Kattaqo‘rg‘on, Denov, Shahrixon tumanlari, Namangan, Samarqand va Andijon shaharlarida ko‘p qayd etilganini ko‘rsatdi.

2020 yilda 1044 ta erta tug‘uruq holati qayd etilgan bo‘lib, 2019 yilga nisbatan 12,7 foizga kamaygan. Ammo hududlar kesimida tahlil qilinganda, erta tug‘uruqlarning qariyb yarmi, ya'ni 43,1 foizi Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari ulushiga to‘g‘ri keladi”, deydi Hamid Abdurahmonov.

Mavzuga oid
Top