Jamiyat | 13:28 / 04.06.2021
7560
2 daqiqa o‘qiladi

Reabilitatsiya markazlariga zo‘ravonlikdan himoya so‘rab 209 nafar erkak murojaat qilgan 

Reabilitatsiya markazlariga zo‘ravonlikdan himoya so‘rab 209 nafar erkak murojaat qilgan. Bu haqda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Dilorom Qo‘ziyeva aytib o‘tdi.

Ma'lum qilinishicha, prezident qarori bilan xotin-qizlar reabilitatsiya markazlari optimallashtirilib, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuriga o‘tkaziladi. 

“Endilikda ular davlat muassasasi sifatida faoliyat ko‘rsatadi. 1ta Respublika markazi, 14ta viloyat markazi va 14ta namunaviy mintaqalararo markaz, jami 29ta ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi tashkil etiladi. Markazlar davlat tomonidan to‘liq moliyalashtiriladi. 

Hozirgi kunga qadar reabilitatsiya markazlariga 4200dan ortiq fuqaro murojaat qilgan. Ularning 3827 nafari ayol, 169 nafari bola, 209 nafari erkaklardir. Murojaat qilganlarning 1347 nafari ruhiy, 845 nafari jismoniy, 23 nafari jinsiy, 394 nafari iqtisodiy, 1596 nafari boshqa masalalarda zo‘ravonlik holatlaridan shikoyat qilgan”, deydi vazirlik vakili. 

Qayd etilishicha, qonunchilikda zo‘ravonlikning 4ta turi bor: jismoniy, jinsiy, ruhiy, iqtisodiy zo‘ravonlik.  

“Lekin bizning tahlillarimiz oilaviy-maishiy zo‘ravonlik holatlari ham ko‘p uchrayotgani va bunga yetarlicha ta'rif berilmayotganini ko‘rsatmoqda. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi yuqori turuvchi organlarga 2019 yilda qabul qilingan "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonuniga tegishli o‘zgartirishlar kiritish borasida takliflarini kiritdi”, dedi Dilorom Qo‘ziyeva.

Murojaatlar tahliliga ko‘ra: 

  • oilaviy zo‘ravonlik er-xotin o‘rtasida doimiy kelishmovchilik tufayli – 1889ta holatda;
  • uchinchi tomon aralashuvi tufayli zo‘ravonlik – 457ta holatda;
  • ota-ona va farzand o‘rtasida zo‘ravonlik – 101ta holatda aniqlangan.

Mavzuga oid