Yevropada yilning eng katta futbol voqeasi boshlanishiga ko‘p fursat qolgani yo‘q. Bu davrga kelib, turnir favoritlari o‘zlari uchun yakuniy tarkiblarni to‘liq tanlab olgan va endi ularning potensiali, musobaqadagi imkoniyatlari xususida fikrlarni bildirib o‘tish mumkin.
Albatta, biz raqamlar, futbolchilarning umumiy holatiga qarab, tahlillarni amalga oshiramiz. Ular to‘liqligicha to‘g‘ri chiqqan taqdirda, futbolni tomosha qilishdan ma'no qolmasdi. Yevropa chempionati va bu tipdagi musobaqalar doim o‘z ichiga syurprizlarni yashirgan bo‘ladi. Biroq shunisi ma'lumki, «ko‘hna qit'a» birinchiligi oldidan Angliya favoritlardan biri. «Uch sherlar» jamoasida esa muhokamaga arziydigan mavzular mavjud.
Futbol vatani hisoblanadigan Angliya nufuzli musobaqalarda u qadar sovrindor emas. Ta'bir joiz bo‘lsa, ularni omadsiz deb ham atash mumkin. Jamoa biror marta Yevropa chempionatida zafar quchmagan. Jahon chempionatidagi yagona g‘alaba olis 1966 yilga borib taqaladi. Bugun Angliya milliy jamoasining tarkibi havas qilarli darajada. Ammo bundan avvalgi ikkita nufuzli musobaqada inglizlar juda alamli tarzda musobaqani tark etdi. Rossiyadagi mundialda «tumanli albion» vakillari 1990 yildan so‘ng, birinchi marotaba yarimfinalda qatnashdi. Raqib Xorvatiya edi. Barchasi angliyalik futbol muxlislarini xursand qiladigan holatda ketayotgan edi. Kutilmaganda, Sautgeyt shogirdlari imkoniyatni boy berdi. Uchinchi o‘rin uchun kurashda ham Belgiyaga yengildilar. Keyinroq, Millatlar ligasi yarimfinalida ham mag‘lubiyat alamini totishga majbur bo‘lishdi. Bu kabi «oltin avlod» sovrin yutmasdan faoliyatini yakunlasa, qanday achinarli…
Darvoza: Jordan Pikford
«Everton» posbonida darvozabondan talab qilinadigan barcha xislatlar mavjud. Ammo o‘ziga bo‘lgan ishonch masalasida Jordan ancha oqsaydi. Ba'zan imkonsiz to‘plarni olib chiqadigan kiper birdan arzimagan vaziyatda gol o‘tkazib yuborsa, buni qanday izohlash mumkin?! Uning baxtiga, raqobatchilari mavsumni barqaror o‘tkaza olmadi. Din Henderson asosiy vaqtini «MYu» zaxirasida sarfladi. Nik Poup «Byornli» muvaffaqiyatsizliklari soyasida yig‘inga jalb etilmadi. Jonstoun va Ramzdeyl esa, butkul chorasizlikdagina maydonga tushirilishi mumkin.
Pikford mana shu turnirda o‘zini ko‘rsatib olmasa, tobora De Xeani zaxiraga o‘tkazayotgan Henderson u bilan ham xuddi shu ishni amalga oshiradi.

Himoya chizig‘i: Jon Stounz
Harri Maguayr eng kamida guruh bosqichi bellashuvlarini o‘tkazib yuboradi. Bu holda himoyadagi eng katta yuk Jon Stounzga tushadi. Premer-ligada uning Ruben Diash bilan tashkil qilgan tandemi katta foyda keltirdi. Juda ko‘p nashrlarning talqiniga ko‘ra, Angliya chempionatida mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan portugaliyalik himoyachining inersiyasi Stounzga ham ta'sir etib, bir necha mavsumlik mazmunsiz o‘yinlarini unuttirib yubordi.



















